Liderlar 1.0 arxivi

RAXMATULLAYEV XOJIAKBAR MUZAFFAR O‘G‘LI

Yosh rahbarlikka intiluvchi | Ijtimoiy faol | Jamoatchilik bilan aloqalar mutaxassisi | Vatan fidoyisi

21 avgust, 20253 daqiqalik o'qish
RAXMATULLAYEV  XOJIAKBAR MUZAFFAR O‘G‘LI

Raxmatullayev Xojiakbar Muzaffar o‘g‘li

Yosh rahbarlikka intiluvchi | Ijtimoiy faol | Jamoatchilik bilan aloqalar mutaxassisi | Vatan fidoyisi

Tug‘ilgan sana: 2003-yil, 4-mart

Tug‘ilgan joy: Andijon viloyati, Baliqchi tumani

Yashash joyi: Toshkent shahri

Ta’lim: Ichki ishlar vazirligi Akademik litseyi (2019–2022)

O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti, Xalqaro jurnalistika fakulteti, Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalari yo‘nalishi (sirtqi)

Faoliyat sari ilk qadamlar

Xojiakbar yoshlikdan faoliyatni davlat xizmatidan boshladi. U o‘z yo‘lini Milliy gvardiya Markaziy devonida oddiy dispecher sifatida boshlab, qisqa vaqt ichida o‘zini fidoyiligi va intilishi bilan namoyon eta oldi. Keyinchalik Bojxona qo‘mitasida OAV va Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limida faoliyat yuritib, jamoatchilik bilan muloqot, hujjatlar bilan ishlash va notiqlik ko‘nikmalarini mustahkamladi. Bugun esa u hokimiyat tizimida faoliyatini davom ettirib, o‘zining amaliy tajribasini kengaytirmoqda.

Yutuqlar va e’tiroflar

Uning mehnati va intilishi bejiz qolmadi:

  • “Taraqqiyot bunyodkori” esdalik ko‘krak nishoni;
  • “100 ideas for Uzbekistan” tanlovi sovrindori;
  • “Yosh jurnalistlar maktabi” tinglovchisi.

Bu yutuqlar uning nafaqat davlat xizmatida, balki intellektual maydonda ham faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.

Hayotiy falsafa va qadriyatlari

“7-marta yiqilsang, 8-marta turib yo‘lingda davom etishni o‘rgan.”

Xojiakbar hayotga qat’iyat va bardosh bilan qaraydi. U hech qachon taslim bo‘lmaslik, vaziyatga qarab qaror qabul qilish va eng muhimi — jamoaga ruh bag‘ishlashni o‘zining asosiy tamoyillari deb biladi.

U o‘ziga do‘stlar qidirmaydi, balki insoniyatni ikki qismga ajratadi: boshqaruvchilar va boshqariluvchilar. Bu falsafa uni rahbarlik mas’uliyatiga tayyorlab, mustaqil fikrlashga undaydi.

“Bugun yurmasang, ertaga yugurishingga to‘g‘ri keladi. Bahona izlagan odam joyida qoladi, sabab topgan odam tog‘ni ham oshib o‘ta oladi.”

Uning qarashlariga ko‘ra, insonni hech kim qutqarmaydi — faqatgina uning o‘zi, o‘z aqli va mehnati uni kelajakka olib chiqadi.

Shaxsiy qiziqishlari va ilhom manbalari

Bo‘sh vaqtlarida Xojiakbar detektiv va psixologik filmlar, tarixiy hujjatli lavhalar tomosha qiladi. U Yuliy Sezar va Napoleon Bonapart kabi tarixiy shaxslarni ilhom manbai sifatida ko‘radi. Chunki bu arboblar ham intizom, qat’iyat va strategik tafakkur orqali tarixda iz qoldirishgan.

Asosiy maqsad — 30 yoshgacha hokim bo‘lish

Xojiakbarning hayotiy maqsadi aniq: 30 yoshga qadar tuman yoki shahar hokimi bo‘lish. Bu niyat oddiy shaxsiy orzu emas — balki Vatan va xalq manfaati yo‘lida halol xizmat qilish, O‘zbekistonni xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarga olib chiqish, jamiyatda yangi tafakkur va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish uchun tanlangan yo‘ldir.

Uningcha, har bir yosh avval o‘z ustida ishlashi, bilim va tajriba orttirishi, jamiyatga foydali bo‘lishi lozim. Chunki rahbarlik — nafaqat lavozim, balki xalq oldidagi javobgarlikdir.

Xojiakbarning haqiqatlari:

  • “Yengil yo‘l — hammaga tegishli, qiyin yo‘l esa g‘oliblarga.”
  • “Hech kim kelib seni qutqarmaydi. Sening qutqaruvching — sening miyyang.”
  • “Hozir seni ustingdan kulayotgan odamlar ertaga sening yoningda suratga tushish uchun navbatga turadi.”

Xojiakbar Raxmatullayevning hayot yo‘li bir narsani ko‘rsatadi: haqiqiy yosh lider bo‘lish uchun jasorat, bilim va qat’iyat kerak. U bugundan boshlab ertangi kun uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor. Shu bois ham uning shiori yoshlar uchun kuchli dars bo‘lib yangraydi:

“Men boshqaruvchi bo‘laman — chunki boshqariluvchi bo‘lishni tanlamayman.”

Hoziroq ariza qoldirish