Liderlar 1.0 arxivi
Ogʻabek Eshimov Sunnatillo o'g'li
ustaqil treyder, xalqaro kurslar ishtirokchisi

Og‘abek Eshimov
Tug‘ilgan sana: 20-oktabr, 2006-yil
Tug‘ilgan joy: Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumani
Ta’lim: Tashkent International University, Diplomatiya, iqtisodiyot va treyderlik yo‘nalishi (2024-yildan)
Faoliyati: Mustaqil treyder, xalqaro kurslar ishtirokchisi
Og‘abek Eshimov — yosh, ammo qat’iyatli, o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘ygan, har bir qadamini puxta rejalashtirgan liderlik ruhidagi yigit. U treyderlik faoliyatini 2023-yilda boshlagan va dastlab kichik investitsiyalar orqali mustaqil ravishda bu sohani chuqur o‘rganishga kirishgan. Vaqt o‘tishi bilan o‘z tajribasini boyitdi, bilimini oshirdi va amaliyotda barqaror daromadga erishgan treyderga aylandi.
Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bir nechta xalqaro va mahalliy kurslarda qatnashgan Og‘abek, ayni damda Tashkent International Universityda tahsil olib, diplomatiya, iqtisodiyot va moliya sohasi bo‘yicha bilimini chuqurlashtirmoqda.
Uning hayotida ilhom manbai — Prezident Shavkat Mirziyoyev. Aynan davlat rahbarining qat’iyati, islohotlarga bo‘lgan sadoqati, xalq bilan bo‘lgan muloqoti yosh Og‘abekni ham faollikka undagan. Shuning uchun ham u shior qilib: “Natijang gapirsin, ogʻzing emas” degan qat’iy prinsipni hayotga tatbiq etgan.
Intizom — shaxsiy imzosidir
Og‘abek sport bilan muntazam shug‘ullanadi, iqtisodiy va siyosiy yangiliklarni o‘rganadi, shuningdek, harbiy tayyorgarlik sertifikatiga ega bo‘lishi esa uning ichki intizomi, tartib va fidoyiligidan dalolat beradi. U o‘zini yosh bo‘lishiga qaramay, kuchli iroda, bilimga chanqoqlik va barqaror yondashuv bilan boshqalarga ham motivatsiya bera oladigan yosh sifatida ko‘radi.
Buyuk maqsad — katta mas’uliyat
Og‘abekning kelajakka oid maqsadlari aniq: u Oliy Majlis yoki Prezident Administratsiyasida ishlash, mamlakat rivojiga bevosita hissa qo‘shish istagida. Shuningdek, iqtisodiy barqarorlikka erishib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
“Bilim, tartib, intizom va sabr — har bir liderning poydevori”, deydi u.
Uningcha, yoshlar aynan shunday fazilatlar orqali kelajakka dadil yurishlari, yurt taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishlari kerak.
Motivatsiyasi bilan boshqalarga yo‘l ko‘rsatadi
Og‘abek o‘zining qat’iyati, o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishi va har bir ishni natija bilan baholaydigan odati bilan ajralib turadi. U yoshlarga shunday murojaat qiladi:
“Oʻzingizga ishoning! Hozirdan intiling, orzularingizga kech emas. Hech narsa oson emas, ammo hech narsa imkonsiz ham emas!”
U — o‘zining yoshlik energiyasi, yurtga sadoqati va ilmga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi bilan yangi O‘zbekistonning yangicha yuzini ifodalovchi yigitlardan biridir.
