Liderlar 1.0 arxivi
XOLMURODOVA XONZODA JAHONGIR QIZI
Bolalik orzusidan huquqshunoslik sari olg'a intilayotgan lider

Xolmurodova Xonzoda — Qashqadaryodan boshlangan orzular yo‘li: IELTS 7.5 dan kelajakdagi sudya martabasigacha
Tug‘ilgan sana: 29-aprel 2006-yil
Tug‘ilgan joy: Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani
Faoliyat sohasi: Huquqshunoslik
O‘qish joyi: Toshkent davlat yuridik universiteti, 1-kurs bakalavr
Bolalik orzusidan huquqshunoslik sari
Xolmurodova Xonzoda bolaligidan huquq sohasiga oshno bo‘lib ulg‘aydi. Adolat, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilish g‘oyalari unga yoshligidanoq yoqdi. Shu bois 2024-yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga qabul qilinishi uning hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.
Huquqshunoslik sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgan Xonzoda ta’limni faqat auditoriya bilan cheklamaydi — u zamonaviy talabalar singari bilimini xalqaro darajada baholashga ahamiyat beradi. Natijada u ingliz tili bo‘yicha xalqaro IELTS imtihonidan 7.5 ball to‘plashga erishdi. Bu natija uning chet elda magistraturada tahsil olish orzusiga yo‘l ochdi.
Harakatdan to‘xtamaslik — hayotiy tamoyil
Xonzodaning eng katta kuchi — qat’iyat va mehnatsevarlik. U shunday deydi:
“Agar men bugun harakat qilmasam, bugun qiynalib, qattiq o‘qimasam, yetuk huquqshunos emas, ilmsiz qishloq qizi bo‘lib qolishim mumkin.”
Shuning uchun u har bir kunini samarali o‘tkazishga intiladi: chet tillarini o‘rganadi, badiiy kitoblar mutolaa qiladi, universitetdagi yirik tanlovlarda faol ishtirok etadi. Uning shiorlaridan biri — "Hard work always gets paid off" — yutuq mehnat evaziga kelishini anglatadi.
Kelajak rejalari va ijtimoiy pozitsiyasi
Xonzoda nafaqat bilimli, balki mustaqil fikrli va boshqalarga ta’sir o‘tkaza oladigan shaxs bo‘lishni istaydi. U lider sifatida atrofdagilarga yo‘l ko‘rsatish, mustaqil fikrini himoya qilish va jamiyatda adolat qaror topishiga hissa qo‘shishni o‘zining asosiy vazifasi deb biladi.
Uning kelajakdagi rejalari aniq: chet elda magistraturada o‘qish, O‘zbekistonga qaytib muvaffaqiyatli huquqshunos va sudya bo‘lish. Shuningdek, u jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlar uchun har bir yosh o‘z hissasini qo‘shishi kerakligiga ishonadi:
“Biz uchun chiroyli O‘zbekistonni hech kim qurib bermaydi, harakat qilish vaqti allaqachon kelgan.”
