Liderlar 1.0 arxivi

FAYZIYEVA FOTIMA TOHIR QIZI

jurnalistika va siyosatda o‘z o‘rnini topgan yosh yetakchi

26 avgust, 20252 daqiqalik o'qish
FAYZIYEVA FOTIMA TOHIR QIZI

Fayziyeva Fotima Tohir qizi — jurnalistika va siyosatda o‘z o‘rnini topgan yosh yetakchi

📍 Tug‘ilgan sana: 26-dekabr 2002-yil

📍 Tug‘ilgan joyi: Toshkent shahri

📍 Ta’limi: O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti, 4-kurs talabasi

📍 Faoliyati: Milliy tiklanish demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Yoshlar bo‘limida yetakchi mutaxassis, Yoshlar parlamenti a’zosi

Qiyinchiliklardan yo‘l topgan qiz

Fotima hayot yo‘lini oson bosib o‘tmagan. Mehribonlik uyida ulg‘aygan bu qizcha yoshlikdan taqdirning turli sinovlariga duch keldi. Ammo sinovlar uni sindirmadi, aksincha, yanada bardam, qat’iyatli va mustaqil shaxs qilib tarbiyaladi. Maktab davrida xoreografiyaga mehr qo‘yib, musiqa va san’at maktabini qizil diplom bilan tamomladi. Biroq taqdir uni boshqa yo‘nalishga boshladi. O‘qishga topshirish davrida hayot uni jurnalistikaga olib keldi va bu sohada o‘z iste’dodini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi.

Jurnalistikaga eltgan ilhom

Fotima jurnalistikaga bo‘lgan qiziqishini “My5” telekanalida Sarvar Bahodirov chiqishini ko‘rgan daqiqalardan boshlagan. Bu lahza unda katta burilish yasadi. “Men ham shunday jurnalist bo‘lishim kerak”, — degan qaror unga qanot bo‘ldi. Bir yil tinimsiz tayyorgarlik, kurslar va sabr-mehnat natijasida 2022-yilda jurnalistika universitetiga grant asosida qabul qilinishi — Fotimaning hayotidagi ilk katta g‘alabalardan biri bo‘ldi.

Faoliyat va yutuqlar

Bugungi kunda Fotima Milliy tiklanish partiyasi Markaziy Kengashi Yoshlar bo‘limida yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning partiyadagi yo‘li volontyorlikdan boshlangan. Fidoyiligi va mas’uliyatli mehnati tufayli qisqa fursatda rasmiy xodim sifatida jamoaga qabul qilindi. Shuningdek, u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

Faoliyat bilan birga, Fotima ijodni ham tark etmagan. U san’atga bo‘lgan mehrini “Dildor” milliy raqs ansamblida davom ettirmoqda, sport bilan shug‘ullanadi, turk tilini o‘rganmoqda va yoshlar orasida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hayotiy prinsip va qadriyatlar

Fotima uchun eng katta ustoz — hayotning o‘zi. Qanchadan-qancha qiyinchiliklar unga sabr, iroda va qat’iyatni o‘rgatdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning:

“Hayotga keldikmi, yo‘limizni topishimiz lozim. Bizga kimdir yordam berishi mumkin, ammo asosiy yukni o‘zimiz ko‘tarishimiz kerak.”

— degan so‘zlari uning hayotiy shioriga aylangan.

Rejalar va orzular

Fotimaning maqsadlari aniq va ulkan: sport jurnalistikasi yo‘nalishida maxsus axborot sayti ochish, xalqimizni ishonchli va tezkor xabarlar bilan ta’minlash. U o‘z orzularini faqat shaxsiy muvaffaqiyat deb bilmaydi, balki yurt ravnaqi uchun xizmat qilishni o‘zining asosiy vazifasi deb biladi.

Yoshlar uchun chaqiriq

Fotimaning hayot yo‘li yoshlar uchun katta saboq. U hech qachon oson yo‘l tanlamagan, qiyinchiliklardan qochmagan, balki ularga qarshi kurashib o‘z o‘rnini topgan.

Uning so‘zlari yoshlar qalbiga kuch bag‘ishlaydi:

“Qiyin bo‘lsa ham sabr qiling, o‘zingizga ishoning. Orqangizda hech kim bo‘lmasa ham, o‘zingizga suyanchiq bo‘ling. Hayot sizni sinaydi, lekin siz o‘zingizni isbotlang. Bugun qilgan sabringiz va mehnatingiz ertaga faxr bilan aytadigan hikoyangizga aylanadi. Men uddaladim — siz ham uddalaysiz!”

Hoziroq ariza qoldirish