Liderlar 1.0 arxivi
SHAMSHIDDINOVA SEVINCH AZAMAT QIZI
distiplina va sabr orqali maqsad sari intilayotgan yurist talaba

Shamshiddinova Sevinch — distiplina va sabr orqali maqsad sari intilayotgan yurist talaba
Tug‘ilgan sana: 20-dekabr 2006-yil
Tug‘ilgan joy: Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani
Yashash joyi: Toshkent shahri
Ta’lim: Toshkent davlat yuridik universiteti, Ommaviy huquq fakulteti, 2-kurs talabasi
Yo‘nalish: Yuristpendiya
O‘qishga kirgan yili: 2024-yil
Ilm sari intilish
Sevinch Shamshiddinova yoshligidan huquq sohasiga qiziqib keladi. 2024-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining Ommaviy huquq fakultetiga qabul qilingan u, hozirda 2-kurs talabasi sifatida nafaqat nazariy bilimlarni egallamoqda, balki jamiyatdagi dolzarb masalalar haqida ham faol fikr bildiradi. U “Toshkent ovozi”da jamiyat hayotida muhim o‘rin tutuvchi muammolar haqida maqolalar yozib, ijtimoiy faolligini namoyon qilgan.
Ilhom manbalari va hayotiy prinsip
Sevinchning hayotida eng katta ta’sir va motivatsiyani ota-onasi bergan. Ayniqsa, otasining erta vafoti unga sabr va mas’uliyatni o‘rgatdi. Onasining duosi va otasiga bergan va’dasi uni eng og‘ir sinovlardan ham olib o‘tdi.
Uning hayotiy qarashlari bitta so‘zda jamlanadi: distiplina. U shunday deydi:
“Hayotda distiplinaga tayangan holda yashash kerak. Distiplina bor joyda albatta yuksalish va muvaffaqiyat bo‘ladi.”
Liderlik haqidagi qarashlari
Sevinchning nazarida, liderlik oddiy bir maqom emas, balki mehnat va mashaqqat evaziga erishiladigan yutuqdir:
“Lider — bu bir guruhni bir pozitsiyada ushlab turuvchi, har bir insonning xarakteriga qarab muomala qila oluvchi, qiyinchiliklarda yo‘l ko‘rsata oluvchi shaxsdir. Lider har doim prinsip, imij va xarakterga ega bo‘lishi shart.”
Uning fikricha, haqiqiy lider guruhga foyda keltiradigan, gapini o‘tkazadigan va eng muhimi, o‘rnak bo‘ladigan insondir.
Qiziqishlari va izlanishlari
Bo‘sh vaqtida Sevinch jinoyat ishlari bilan tanishib chiqadi. Har bir ishni o‘qishdan avval o‘z taxminlarini yozib, keyinchalik natija bilan solishtiradi. Bu odat unga huquqiy fikrlashni, tahlil qilishni va xulosalar chiqarishni o‘rgatmoqda. Bundan tashqari, yoshligidan she’r va maqola yozishga qiziqishi uni ijodiy jihatdan ham rivojlantirib kelmoqda.
Sabr va sinovlar orqali mustahkamlik
Sevinch hayotida og‘ir davrlarni boshidan o‘tkazgan. 12 yoshga yetmasidan otasidan ayrilishi, 2018-yilda chuqur depressiyaga tushishi, bulinglarga uchrashi unga oson kechmagan. Ammo ikki yil davomida sabr va iroda bilan o‘zini bu holatdan olib chiqa oldi. U shunday deydi:
“Mendan insonlar sabrni o‘rganishlari mumkin. 18 yoshimga qaramay ko‘p narsalar boshimdan o‘tdi va men ularning barchasiga sabr bilan dosh berdim.”
Maqsadlar va orzular sari
Sevinchning asosiy maqsadi — jamiyat uchun foydali prokuror bo‘lish. U jinoyat sodir etgan har bir shaxs adolatli jazo olishini ta’minlashni o‘z oldiga qo‘ygan. Bu uning orzusi emas, aniq maqsadi:
“Orzu orzuligicha qoladi, ammo maqsad — amalga oshadi.”
Shuningdek, u kelajakda o‘z kitobini chop etishni ham rejalashtirgan.
Yoshlarga murojaati
Sevinchning yoshlarga qilgan chaqirig‘i aniq va qat’iy:
“Sizga berilgan motivatsiya hech qachon maqsadingiz sari yetaklamaydi. Fokusingizni o‘zingizga qarating. Distiplinani saqlang. Sport bilan shug‘ullaning, til o‘rganing, keraksiz uchrashuv va yig‘ilishlarga vaqt sarflamang. Tavakkaldan qo‘rqmang, yangiliklardan cho‘chimang. Sizni buyuk kelajak kutmoqda.”
