Liderlar 1.0 arxivi

HASANOVA DIYORA ABDIMO‘MIN QIZI

Huquqshunoslik izdoshi | Yosh islohotchi | Volontyor | Ilm va ishonch timsoli

6 noyabr, 20254 daqiqalik o'qish
HASANOVA DIYORA ABDIMO‘MIN QIZI

Hasanova Diyora Abdimo‘min qizi

Huquqshunoslik izdoshi | Yosh islohotchi | Volontyor | Ilm va ishonch timsoli

Ta’lim: Navoiy davlat universiteti, Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishi, 2-kurs bakalavr talabasidir

Shior: “Alloh, sabr, harakat va natija.”

Mehrli bolalik — orzularning poydevori

Diyoraning bolalik yillari mehr, ezgulik va orzular bilan to‘lgan. U har bir yutug‘ining zamirida ota-onasining mehrini, ishonchini va duosini ko‘radi.

“Dadam va onamning mehrlari men uchun eng katta motivatsiya bo‘lgan. Ularning menga ‘senga ishonamiz’ degan so‘zlari har doim qanot beradi.”

Diyora 37-maktabda ta’lim olgan va u yerda eng katta turtkini o‘qituvchisi Zilola Mavlonova bergan. U nafaqat bilim, balki o‘ziga ishonchni ham o‘rgatgan shaxs sifatida Diyoraning hayotida chuqur iz qoldirgan.

Sinovlar orqali shakllangan irodali shaxs

Abituriyentlik davri Diyora uchun o‘ziga xos sinov maktabi bo‘lgan.

Ba’zan ishonch kamaygan, ba’zan atrofdagi shubhalar bosim bergan. Ammo u o‘z so‘zlari bilan aytganda:

“Ishonchim yo‘qolganda ham, umidimni yo‘qotmadim. Chunki Alloh sabr qilgan bandani albatta sinovdan g‘alaba bilan chiqaradi.”

Tashqi muhitdagi to‘siqlar, ichki kurashlar — bularning barchasi bugungi Diyorani yanada kuchli, qat’iyatli va maqsadli ayol sifatida shakllantirdi.

Huquqshunoslik – bolalik orzusidan hayot maqsadigacha

Bugun Diyora o‘zining eng sevimli yo‘nalishida – huquq ta’limida tahsil olmoqda. U bu sohani nafaqat kasb sifatida, balki jamiyatda adolat va haqqoniylikni targ‘ib etish vositasi sifatida ko‘radi.

“Huquqshunos bo‘lish – bu shunchaki lavozim emas, bu mas’uliyat. Men bu yo‘nalishni yuragim bilan tanlaganman.”

U bu kasbga qiziqishining sababini ham oddiy so‘zlar bilan izohlaydi: “Men eng zo‘r huquqshunos bo‘lishni xohlayman — bu mening orzum ham, ota-onamning orzusi ham.”

Yutuqlar – mehnat va e’tirof natijasi

Hasanova Diyora hozirgacha 70 dan ortiq xalqaro va respublika tanlovlarida ishtirok etib, ko‘plab diplom va sertifikatlarga ega bo‘lgan.

15 dan ortiq maqolalari ilmiy jurnallarda chop etilgan.

U “Diamond ijodkorlari” antologiyasining muallifi, “Juntos Porlos Letters” tashkiloti elchilik guvohnomasi, “Oltin qanot volontyorlar” volontyorlik guvohnomasiga ega.

Shuningdek, “Yosh islohotchilar kengashi” matbuot xizmati bo‘yicha menejer lavozimida faoliyat yuritadi.

“Oltin qanot volontyorlar” rahbari tomonidan esa Nurota tumani bosh koordinatori sifatida tayinlangan.

“Mening yutuqlarim – bu har bir kechikkan natijaning sabr bilan kutilgan mevasidir.”

Ijod, ilm va liderlik uyg‘unligi

Diyora nafaqat talaba, balki faol yetakchi hamdir.

U “Yosh islohotchilar kengashi” tomonidan o‘tkaziladigan Zakovat intellektual o‘yinini olib boradi, yoshlar bilan ekologiya, bilim va kreativ fikrlash yo‘nalishida turli videochat va loyihalar tashkil etadi.

“Men har bir loyihada birgina g‘oyani ilgari suraman: yoshlar o‘z ovoziga ishonishi kerak!”

Uning “Nurota tumani Oltin qanot volontyorlar” nomli shaxsiy kanali yoshlar uchun ijtimoiy va ekologik ta’lim manbai sifatida faol ishlamoqda.

Motivatsiya – ota-onaning ishonchi

Diyoraning eng katta hayotiy burilishi — fan olimpiadasida o‘rin ololmagan kuni bo‘lgan.

Ammo o‘sha paytda dadamning “Sen uddalaysan” degan so‘zi unga kuch bergan, yo‘nalishini to‘g‘rilagan va hayotini o‘zgartirgan.

“Ota-onamning ishonchi — bu mening harakatimning dvigateli. Ularning ‘biz senga ishonamiz’ degan so‘zlari men uchun har qanday diplomdan qimmat.”

Ilhom manbai – otaning orzusi, kitobning kuchi

Diyora uchun eng buyuk ilhom manbai — dadajonidir. U o‘z hayotida ota mehrini, sabrni va bilimga chanqoqlikni ulardan o‘rgangan.

Bo‘sh vaqtlarida u Qur’on oyatlarini tinglaydi, psixologik adabiyotlar o‘qiydi va ruhiy o‘sishga alohida e’tibor beradi.

Uning eng sevimli asari — Robin Sharmaning “O‘lsang kim yig‘laydi” kitobi bo‘lib, bu asar unga hayotning haqiqiy ma’nosini, vaqtning qadri va ichki tinchlikni o‘rgatgan.

Hayot falsafasi — sabr, ishonch va ilm

Diyoraning prinsipi oddiy, lekin teran:

“Alloh, sabr, harakat va natija.”

Uning fikricha, inson har qanday vaziyatda sabr qilsa, harakat qilsa va Allohga ishonsa — natija kechiksa ham keladi.

Shuning uchun u o‘zini har doim shunday ruhlantiradi: “Xohish va ishonch bo‘lsa, har qanday ishni uddalash mumkin.”

Sirli kuch – jimlikdagi qat’iyat

Ko‘pchilik Diyorani faol, dadil va ijtimoiy deb biladi. Ammo u shunday deydi:

“Aslida men ko‘p narsani jimlikda yengaman. Men uchun har bir g‘alaba — ichki qo‘rquvni yengishdan boshlanadi.”

U o‘zini sirli inson sifatida tutadi, hammani do‘st bilmaydi, lekin har doim boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi.

Bu uning ichki kuchining, yetuklikning va hayotiy donoligining ifodasidir.

Kelajak sari – orzular rejasida

Hasanova Diyora Abdimo‘min qizi 5–10 yil ichida huquq sohasida faol, bilimli va tajribali mutaxassis bo‘lishni niyat qilgan.

U o‘zini nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maydonda ham huquqshunos sifatida ko‘radi.

“Men ilm o‘rganishimni ham Vatanimga qo‘shgan hissam deb bilaman.”

Diyoraning har bir qadami, har bir harakati — Allohga ishonch, sabr va mehnat bilan to‘la yo‘lning ifodasidir.

Yakun – orzular bilan yashaydigan, harakat bilan yashnaydigan avlod

Bugun Diyora — yosh bo‘lsa-da, o‘z yo‘lini topgan, jamiyatga hissa qo‘shayotgan, o‘zligidan faxrlanadigan avlod vakilidir.

U o‘z hayoti bilan shuni isbotlamoqda:

“Ilm — bu kuch. Ishonch — bu qanot. Sabr — bu yo‘l.”

“Xohish bilan yo‘lga chiqsang, Alloh senga imkoniyatni beradi.”

Hoziroq ariza qoldirish