Liderlar 1.0 arxivi

AHMADJONOVA MUHLISAXON MIRZAQOSIM QIZI

ilm va adabiyot orqali yurt kelajagini yoritayotgan yosh izlanuvchi

13 avgust, 20252 daqiqalik o'qishTashkilotchilikEzgulikTa'limMadaniyat
AHMADJONOVA MUHLISAXON MIRZAQOSIM QIZI

Ahmadjonova Muhlisaxon — ilm va adabiyot orqali yurt kelajagini yoritayotgan yosh izlanuvchi

Tug‘ilgan sana: 16-aprel 2006-yil

Tug‘ilgan joy: Andijon viloyati, Asaka tumani, Kujgan MFY

Yashash joyi: Andijon viloyati, Asaka tumani

Ta’lim: Qo‘qon universiteti Andijon filiali, Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili yo‘nalishi), 2-bosqich

Faoliyat yo‘nalishlari: Filologiya, adabiyot, ilmiy tadqiqot, pedagogika, ijtimoiy faoliyat

Ilm va ijod sari erta qadamlar

Muhlisaxon Ahmadjonova ijod olamiga 12 yoshida she’riyat orqali kirib keldi, 18 yoshida esa universitetning birinchi bosqichidayoq ilmiy faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Qisqa vaqt ichida u nafaqat adabiyot, balki ilm-fan maydonida ham salmoqli natijalarga erishdi. 2024-yilda Moskvada uning ilk she’riy to‘plami — “Ifori jannatim” chop etildi. Oradan bir yil o‘tib, AQShda “Jadidchilik va milliy o‘zlik” nomli ilmiy monografiyasi nashr qilindi.

Bugungi kunga kelib, Muhlisaxon 100 dan ortiq ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi bo‘lib, respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘plab ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etmoqda.

Xalqaro sahnadagi muvaffaqiyatlar

Uning yutuqlari geografiyasi keng: Turkiyaning Nevşehir shahridagi Cappadocia University’da 1-semestrlik Grand g‘olibasi, Rossiya “Magistr” axborot-ta’lim portali tomonidan o‘tkazilgan intellektual olimpiadada 1-o‘rin, Fransiyadagi “Un monde d’érudits et de créateurs brillants” xalqaro festivalida 2-o‘rin.

Muhlisaxon, shuningdek, AQSh, Niderlandiya, Ispaniya va Kanadada o‘tkazilgan nufuzli onlayn ilmiy konferensiyalarda ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. “Yilning eng yaxshi ilmiy izlanuvchisi — 2024” unvoni ham uning ilmiy salohiyati va izlanishlariga berilgan yuksak e’tirofdir.

Volontyorlik va jamoatchilik ishlari

Muhlisaxon ilmiy faoliyat bilan birga ijtimoiy ishlarda ham yetakchi. U "Eco KUAF", "Oltin qanot", "Yosh jadidlar", "Yosh islohotchilar", "Intellektual yoshlar", "KUAF GIRLS POWER" kabi ko‘plab jamoalarda faol. “Kelajak ovozi” volontyorlar jamoasi rahbari sifatida u yoshlar uchun turli ijtimoiy va ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirmoqda.

U asos solgan “MENING ILMIY YO‘LIM” bepul kursi orqali yuzlab yoshlar ilmiy maqola va tezis yozishni bosqichma-bosqich o‘rganmoqda.

Ilhom manbalari va hayotiy qarashlar

Muhlisaxon ilmiy va ijodiy yo‘lida jadidlar harakati merosidan, ularning ma’rifatparvarlik g‘oyalaridan ilhom oladi. Uning hayotiy shiori: “Ilm va ezgulik – insonning eng yuksak quroli.”

Bo‘sh vaqtida u she’r yozadi, ilmiy maqolalar tayyorlaydi, uchta til — ingliz, turk va nemis tillarini mustaqil o‘rganib, amaliyotda qo‘llaydi. Muhlisaxon lider uchun eng muhim fazilat sifatida mas’uliyat, halollik va tashabbuskorlikni ko‘rsatadi.

Kelajak sari qarash

Muhlisaxonning maqsadi — ilm-fan va adabiyot sohasida xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassis bo‘lish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga hissa qo‘shish. Uning fikricha, har bir imkoniyat qadrli, bilim olish jarayoni hech qachon to‘xtamasligi kerak va yurt kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan hech kim cho‘chimay yashashi lozim.

Hoziroq ariza qoldirish