Liderlar 1.0 arxivi

TOSHMURODVA AZIZA FOZIL QIZI

Bo‘lajak psixolog | Ijtimoiy tashabbuskor | Yoshlar orasida ong va ishonch targ‘ibotchisi

8 yanvar, 20263 daqiqalik o'qish
TOSHMURODVA AZIZA FOZIL QIZI

Toshmurodva Aziza Fozil qizi

Bo‘lajak psixolog | Ijtimoiy tashabbuskor | Yoshlar orasida ong va ishonch targ‘ibotchisi

Tug‘ilgan sana: 23-iyul, 2006-yil

Tug‘ilgan joy: Surxondaryo viloyati

Yashash hududi: Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani

Ta’lim: Termiz davlat universiteti, Ijtimoiy fanlar fakulteti

Yo‘nalish: Amaliy psixologiya, 3-bosqich talabasi

Aziza — yosh bo‘lishiga qaramay, ichki olamni o‘rganish va inson qalbiga ehtiyotkorlik bilan yaqinlashishni hayot yo‘liga aylantirgan fidoyi yoshlardan biridir. U tanlagan yo‘l oddiy kasb emas — mas’uliyatli missiya. Chunki u odamlarni shunchaki tinglashni emas, tushunishni xohladi. Jim yig‘laydigan, ichida kurash olib boradigan, “hammasi yaxshi” degan so‘z ortida qancha og‘riq yashirinishini biladigan insonlarni ko‘rdi — va shu ko‘rganlari uni psixologiya sari yetakladi.

“Psixologiya — bu shunchaki kasb emas.

Bu ishonch.

Bu mas’uliyat.

Bu bir inson hayotiga ehtiyotkorlik bilan qo‘l uzatishdir.”

Aynan shu e’tiqod Azizani bu sohani tanlashga undadi. Og‘riqni kamaytirish, ongni uyg‘otish va insonning o‘zini topishiga yordam berish — uning kasbiy maqsadining markazida turadi.

Faollik — natijaga eltuvchi yo‘l

Bugungi kunda Aziza 30 dan ortiq tanlov, tadbir va konkurslarda ishtirok etib, o‘zini faqat auditoriyada emas, real ijtimoiy muhitda ham sinab ko‘rgan. U fakultet tomonidan tashkil etilgan “Yosh psixologlar” to‘garagining rasmiy a’zosi, shuningdek fakultet Yoshlar ittifoqi qoshidagi “Intellektual g‘oyalar va loyihalar” koordinatori hamda “Media loyihalar” koordinatori sifatida faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, u fakultetning rasmiy QVZ jamoasi a’zosi, O‘zbekiston yosh ekologlar jamiyati a’zosi, “Qalb muhri” hamda rasmiy “Volontyorlar maktabi” o‘quvchisi, U-Report loyihasining 2-mavsum ishtirokchisi, Surxondaryo viloyatidagi **“Yosh mobilograflar maktabi”**ning ilk bitiruvchisi va TERDU Psixologik markazi a’zosi hisoblanadi.

Eng e’tiborlisi — Aziza hozirga qadar 100 dan ortiq fakultet tadbirlarining tashkilotchisi bo‘lib, tashabbuskorlik va mas’uliyatni amaliy natijaga aylantira olgan.

Ilk ilhom va ustoz so‘zi

Universitetga ilk qadam qo‘yilgan kunlar hamon yodida. Kafedra mudirasi Hadichaxonim Sharafitdinovaning motivatsion so‘zlari Azizaning ichki ishonchini uyg‘otgan:

“Agar inson o‘zida qat’iyat va ishonch topsa, har narsaga qodir —

hattoki shu yerning o‘zidayoq barmog‘ingizni o‘stira olasiz.”

Ana shu so‘zlar talabalikning ilk soniyalaridanoq irodani mustahkamlab, o‘ziga ishonchni shakllantirishga turtki bo‘ldi. Bu ishonch bugun natijalarda yaqqol ko‘rinmoqda.

Shaxsiy falsafa va kundalik hayot

Aziza hayotiy formulani sodda, ammo qat’iy tutadi:

Orzu – Maqsad – Ishonch – Reja – Tavakkal = Natija

Tadbirlar, to‘garaklar va tashkiliy ishlar sabab bo‘sh vaqt deyarli topilmaydi. Ammo topilgan har bir lahza mobilografiya, kitob mutolaasi, sayr, kunlik rejalashtirish va eng muhimi — sohasiga oid tajribalarni o‘rganish hamda amalda sinashga bag‘ishlanadi. Chunki nazariya faqat amaliyot bilan uyg‘unlashgandagina haqiqiy bilimga aylanadi.

Yetakchilik fazilatlari

Aziza o‘zida eng muhim deb biladigan sifatlar — o‘ziga ishonch, xarizma, sabr-toqat, iroda, muloqot madaniyati va empatiyadir. U yetakchilikni baland ovozda buyruq berish emas, balki tinglash, tushunish va yo‘l ko‘rsatish deb biladi.

Ustozlardan olgan saboqlari esa hayotiy mezonga aylangan: bir so‘zli bo‘lish, tavakkal bilan ezgu ishni boshlash, boshlagan ishni oxirigacha yetkazish, sofdil va adolatli bo‘lish.

Orzular — jim, ammo aniq

Ko‘pincha orzu-maqsadlarini sir tutadi. Ammo bitta buyuk niyat ochiq: psixologiya sohasini yurtimizda keng targ‘ib qilish, vatandoshlarimizning bu sohaga qiziqishini oshirish va ruhiy salomatlikka ongli munosabatni shakllantirish.

“Siz hech narsaga kech qolmadingiz.

Oldinlab ham ketmadingiz.

Siz ayni paytdasiz.”

Qaror qabul qilish uchun kech emas. Boshlash uchun kech emas. Qaytish uchun ham, so‘zlash uchun ham kech emas. Hozir — harakatning ayni payti.

Hozir yoki hech qachon.

Aziza o‘z hayoti va faoliyati bilan bitta haqiqatni isbotlamoqda: yoshlar — faqat kelajak emas, bugunning o‘zida mas’uliyatni zimmasiga olgan ongli kuchdir.

Hoziroq ariza qoldirish