Liderlar 1.0 arxivi
SHERZODOVA XULKAR SHERZOD QIZI
Ijod, bilim va fidoyilik yo‘lidagi lider

Sherzodova Xulkar — ijod, bilim va fidoyilik yo‘lidagi lider
Tug‘ilgan sana: 6-aprel 2001-yil
Tug‘ilgan joy: Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani, Sultonobod MFY
Ta’lim: Toshkent Davlat transport universiteti, Tashishlarni tashkil etish va transport logistikasi fakulteti bitiruvchisi; hozirda Harakat xavfsizligini tashkil etish va boshqarish yo‘nalishi magistranti
Faoliyat: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi
Temir yo‘ldan adabiyotga — ikki olamning uyg‘unligi
Xulkar Sherzodova hayotida ikki soha — texnika va ijod doimo yonma-yon bo‘lib kelgan. U dastlab “O‘zbekiston” Lokomotiv deposida texnik texnolog, keyinchalik yoshlar ittifoqi koordinatori va pasportist lavozimlarida faoliyat yuritdi. So‘ngra Toshkent temir yo‘l texnikumida va maxsus fan o‘qituvchisi sifatida yosh avlodga bilim berdi. Bu yillar unga tartib-intizom, mas’uliyat va jamoa bilan ishlashning sir-asrorlarini o‘rgatdi.
Biroq uning hayotida ijod hamisha yetakchi o‘rin tutdi. Sho‘x kapalak, Buvimning ertaklari, Munavvar Tong, Vatan madhi kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan. 2019-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lishi, keyinchalik 2025-yilda Turksoy tashkiloti tomonidan Jolon Mamytov nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlanishi — uning ijodiy mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Ilhom manbalari va hayotiy yo‘nalish
Xulkar hayotida eng katta tayanch — bu buvisi, bobosi va onasi. Ular berkitgan mehr, sabr va tarbiya uning xarakterida qat’iyat va sadoqatni mustahkamladi. U o‘z prinsipini shunday ifodalaydi:
"Har qanday vaziyatda ham Allohga tavakkul qilib, doim olg‘a borish."
Uning fikricha, liderlik — tavakkaldan qo‘rqmaslikdir. Har bir tashabbus natija bersa — yutuq, bermasa — tajriba bo‘ladi.
Qiziqishlar va ichki dunyo
Bo‘sh vaqtida u qo‘lyozmalar bilan ishlaydi, badiiy kitob mutolaasi va teatr tomoshalari uning ruhiy oziqasidir. To‘qish, siyosiy suhbatlar, yaqinlari bilan bahs-munozaralar — hayotiga rang va fikr boyligi olib kiradi. Shu bilan birga, ilmiy izlanishlar ham uning doimiy faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
Kelajak rejalari va jamiyatga xizmati
Xulkar o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan: aqlan ham, jismonan ham yetuk shaxs bo‘lish, jamiyatga foydali, yoshlarga namuna bo‘ladigan inson darajasiga yetish. U odamlar undan sodiqlik, tirishqoqlik va qat’iyatni o‘rganishlarini istaydi.
Yoshlar uchun xabari
Uning yoshlarga murojaati falsafiy va chuqur ma’noli:
“Motivatsiya har bir insonning ichida yashirin. Boshqalarning so‘ziga tayanib hayot qurish — zaif poydevorga bino qurishdir. Avval o‘zingizni anglang, missiyangizni tushuning va nima uchun yashayotganingizni bilib harakat qiling. Chunki inson shunchaki emas, balki maqsad bilan yashashi kerak.”
