Liderlar 1.0 arxivi
JO‘RAYEVA ZARINA JALIL QIZI
Tilshunos | Shoira | Repetitor-o‘qituvchi | Ilm va ijod fidoyisi

Jo‘rayeva Zarina Jalil qizi
Tilshunos | Shoira | Repetitor-o‘qituvchi | Ilm va ijod fidoyisi
Tug‘ilgan sana: 30-sentyabr, 2004-yil
Tug‘ilgan joy: Toshkent shahri
Yashash joyi: Toshkent shahri, Chilonzor tumani
Ta’lim:
- 236-sonli maktabgacha ta’lim maskani (2010-yilgacha);
- 181-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Chilonzor tumani;
- 2022-yildan — O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, Xorijiy til va adabiyot yo‘nalishi, grant asosida, hozirda bitiruvchi kurs talabasi.
Faoliyat: Ingliz tili repetitori, tarjimon, ijodkor
Ilm va izlanish sari ilk qadamlar
Zarina ziyoli oilada, ilm va adabiyot muhitida ulg‘aydi. Onasi — oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida qiziga ilk kundanoq kitobni sevishni, ilmni qadrlashni o‘rgatdi. Shu bois Zarina hali maktab davridayoq she’riyat va kitob olamiga oshno bo‘lib ulg‘aydi.
U 2022-yilda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Talabalik davrida ingliz tili repetitorligi bilan shug‘ullana boshladi. Avvaliga bitta o‘quvchi bilan dars o‘tsa ham ruhiyati tushmadi, aksincha, shijoat bilan ishladi. Oradan vaqt o‘tib, uning darslariga ko‘plab o‘quvchilar qatnashdi va ular CEFR B2, C1, hamda IELTS 5.5–7.0 natijalarini qo‘lga kiritib, nufuzli oliygohlarga talaba bo‘lishdi. Shu bilan birga, Zarina turli tashkilotlarda tarjimon sifatida ham faoliyat yuritib, tajribasini mustahkamlab bordi.
Ijodiy yutuqlar va ilhom manbalari
2018-yil Zarina uchun unutilmas yil bo‘ldi. O‘sha davrda uning ilk she’riy to‘plami “Baxt bog‘i” chop etildi. To‘plamga filolog, adabiyotshunos Sultonmurod Olim taqriz yozib berdi. Bu esa yosh shoiraning ijodiga bo‘lgan ishonch va rag‘batning yorqin namunasi edi.
Shundan so‘ng, Zarina bir qancha respublika miqyosidagi tanlovlarda ishtirok etdi va yutuqlarga erishdi:
- “Jaholatga qarshi ma’rifat” she’riyat tanlovida shahar bosqichi g‘olibasi;
- Zulfiya mukofoti Respublika bosqichida 2-o‘rin sohibasi;
- “Mustaqillik mening tasavvurimda” Respublika she’riyat tanlovi g‘olibasi;
- “Zukko kitobxon” tanlovida faxrli natijalar;
- Zo‘r TV kanalidagi “Ha yoki yo‘q” loyihasida she’r aytib, telefon sovrinini qo‘lga kiritgan.
Shu yillarda Zarina 300 dan ortiq kitob mutolaa qildi va bu son hali ham ortib bormoqda. Adabiyotga muhabbati natijasida “Dil titroqlari” va “Mustaqillik mening tasavvurimda” kabi she’riy to‘plamlar chop ettirildi.
Uning yutuqlari faqat ijod bilan cheklanib qolmaydi. 2021-yilda ona tili va adabiyot fanidan Milliy sertifikat (96%), ingliz tilidan CEFR C1, xitoy tilidan esa HSK sertifikatlarini qo‘lga kiritib, bilimini xalqaro darajada tasdiqladi.
Hayotiy qadriyatlar va shiorlari
Zarina uchun eng katta ilhom manbai — onasi. Onasining sabr-toqati, ilmga sadoqati va mehribonligi uning har bir yutug‘i ortida turibdi.
“Yo‘lga chiqqan va yo‘ldan chiqmaslikka uringan insonman.”
U o‘z hayotini aynan shu ibora bilan ifodalaydi. Har kuni o‘zini kechagidan kuchliroq qilish, to‘xtamasdan izlanish — Zarina uchun shior.
Liderlikni esa u shunday ta’riflaydi: “Lider — tug‘ma iste’dod egasi bo‘lish bilan birga, talabchan, intizomli va hammani manfaatini birdek ko‘ra oladigan insondir.”
Maqsad va orzular
Zarina kelajakdagi maqsadlarini aniq gapirib bermasa-da, bitta narsa ayon: u har doim o‘zining avvalgi holatidan mukammalroq bo‘lishni xohlaydi. Uning asosiy niyati — oddiygina yashash emas, balki hayotda iz qoldirish, xalqiga foydali bo‘lish.
Bo‘sh vaqtini u rejalashtirib o‘tkazishga intiladi. Kitob mutolaasi, piyoda sayr qilish, yangi bilimlarni o‘rganish uning sevimli mashg‘ulotlari. Zarina uchun kitob — hayotdagi eng katta boylik, ruhiy quvvat manbai.
Zarina — yoshlar uchun ibrat
Bugun Zarina Jo‘rayeva yosh avlod uchun nafaqat bilimli repetitor va shoira, balki izlanish, mehnat va sabr timsoli hamdir. U o‘z hayoti bilan bir haqiqatni isbotlamoqda: bilimni o‘rganishgina emas, uni boshqalarga ham yetkaza olish — haqiqiy ustozlikdir.
Uning yoshlarga maslahati oddiy, ammo chuqur:
“O‘zingizni boshqalarga taqqoslamang va kim nima demasin — nega boshlaganingizni hech qachon unutmang.”
Zarina o‘zining bugungi izlanishlari bilan bir narsani ko‘rsatmoqda: ilm, mehnat va sabr insonni orzulariga eltadi. Shu bois u kelajakda o‘z avlodiga nafaqat o‘qituvchi yoki shoira, balki chinakam ilhom manbai bo‘lishga intilmoqda.
