Liderlar 1.0 arxivi
YUSUFOVA MADINAXON ISROILOVNA
Ilm va ijod sari dadil qadamlar tashlayotgan lider

Yusufova Madinaxon Isroilovna — Ilm va ijod sari dadil qadamlar tashlayotgan lider
Tug‘ilgan sana: 2-dekabr 2004-yil
Tug‘ilgan joy: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahar
Ta’lim: Qarshi davlat universiteti (bakalavr, qizil diplom), Webster universiteti (magistratura bosqichi)
Faoliyat: Ko‘kdala tumanidagi 89-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili o‘qituvchisi (3 yillik tajriba)
Ilk qadamlar va ta’lim sari izlanishlar
Yusufova Madinaxon yoshlikdan izlanishga, bilim olishga intilib kelgan. Qarshi davlat universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) yo‘nalishini qizil diplom bilan tamomlagan. Bugungi kunda esa u Webster universitetida magistratura bosqichiga qabul qilinib, o‘z yo‘lini yanada kengaytirmoqda.
U ilmiy va pedagogik faoliyatni birlashtirgan holda, hozirda Ko‘kdala tumanidagi 89-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi sifatida yosh avlodga ta’lim bermoqda. Uch yillik tajribasi davomida nafaqat dars berib, balki o‘quvchilarni ijodkorlik va izlanuvchanlikka undab kelmoqda.
Jamoat ishlari va faoliyat bosqichlari
Madinaxonning ilk ijtimoiy faoliyati maktab davrida boshlangan. U O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining Qarshi shahar bosh ta’lim sardori sifatida yoshlarni birlashtirgan. She’riyat va adabiyotga bo‘lgan qiziqishi uni “Iste’dod chorlovi” ijodkor yoshlar jamoasiga olib kirdi.
Maktab yillaridayoq Ekologiya partiyasining “Deputat stipendiyasi”ni qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng turli tadbir va tanlovlarda faol qatnashib, viloyat miqyosida iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularning salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirishga hissa qo‘shgan. Universitet davrida esa uning liderlik faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi.
Yutuqlar va mukofotlar
Madinaxon ko‘plab yutuqlarga erishgan:
- Sustainable Development Goals United Nation Conference — “The Best Delegate” mukofoti
- The World School Summit, Malaysia — “Inspirational Educator” mukofoti
- Qashqadaryo viloyati hokim stipendiyasi (“Eng faol talaba”)
- Rektor kubogi (shaxmat bo‘yicha 3-o‘rin)
- “Yurtimiz posbonlari” she’riyat tanlovi (“Eng mazmunli she’r” nominatsiyasi)
- MDH davlatlari o‘rtasidagi “Faol tadqiqotchi” xalqaro tanlovi — ko‘krak nishoni sovrindori
- Rossiya miqyosidagi “Talant. Nauka. Intellekt” tanlovi — I darajali g‘olib
- “Yil talabasi” — “Eng faol ijodkor talaba” nominatsiyasi (2-o‘rin)
- “Buyuk jadidlar izdoshi” — Grand Prix sovrindori
- “Digital Girls” loyihasi grant sohibasi
- AQSh elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan “US self-defence camp” ishtirokchisi (grant)
- “Youth Talented Forum” loyihasi delegati
- Qashqadaryo viloyati “Zakovat” klubi ishtirokchisi
- “Yoshlar akademiyasi” o‘quv-seminari qatnashchisi
- Pushkin tavalludining 225 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tanlovda — III darajali laureat
Shuningdek, u ko‘plab ilmiy maqolalar muallifi bo‘lib, xalqaro jurnallarda chop etilgan. “The Heart Cries at the End of Spring” va “Heritage” kitoblari hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanma muallifi. Ingliz va nemis tillarini biladi, CEFR C1 hamda IELTS 6.5 sertifikatlariga ega.
Ilhom manbai va hayotiy qarashlari
Madinaxon uchun eng katta ilhom manbai — onasi. Onasi uning hayotida haqiqiy qo‘llab-quvvatlovchi va yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lib kelgan. Onasining matonati va jasorati, imkoniyat yaratish qobiliyati unga har bir qiyinchilikda ilhom bag‘ishlagan.
“Onam menga imkoniyatdan foydalanishni, tavakkal qilishni va mag‘lubiyatdan qo‘rqmaslikni o‘rgatdi. Men uchun onam — haqiqiy ‘role model’.”
Uning shiori esa qisqa va mazmunli:
“Harakat — hayotning o‘zi.”
Qiziqishlar va bo‘sh vaqt odatlari
Madinaxon bo‘sh vaqtida kitob o‘qishga, ayniqsa biografiyalar va motivatsion asarlarga qiziqadi. She’rlar, esse va maqolalar yozadi. Tabiatdan ilhom olish uchun sayr qilishni yaxshi ko‘radi.
Shuningdek, shaxmat o‘ynash uning doimiy mashg‘ulotlaridan biri. Bu mashg‘ulot unga fikrlashni chuqurlashtirish, strategiyani o‘rganish va hayotiy qarorlarni puxta qilishni o‘rgatadi. Bundan tashqari, u oilaviy pazandachilik biznesida ham faol qatnashib, uni qo‘shimcha tajriba va daromad manbaiga aylantirgan.
Liderlik falsafasi
Madinaxonning fikricha, liderlik buyruq berish emas, balki odamlarni ruhlantirishdir.
“Lider uchun eng muhim fazilat — adolat, mas’uliyat va empatiya. Haqiqiy lider boshqalarning ishonchini qozonadi, jamoa bilan birga kuladi, ularning fikrini eshitadi va o‘z nutqi bilan ilhom bag‘ishlay oladi.”
Kelajak sari intilishlar
Kelajakda u xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassis bo‘lishni, shaxsiy biznesini kengaytirishni va yangi loyihalar yaratishni maqsad qilgan. Yoshlarni bilim olishga, ijodkorlikka undash va jamiyat rivojiga hissa qo‘shish uning orzularidan biridir.
“Imkonsiz degan so‘z ko‘p hollarda bizning qo‘rquvimiz natijasidir. Men tavakkal qilishdan qo‘rqmayman.”
Yoshlar uchun maslahat
Madinaxonning tengdoshlariga qilgan murojaati sodda, ammo chuqur ma’noga ega:
“Vaqtni qadrlang. Imkoniyat kelishini kutmang, o‘zingiz imkon yarating. Muvaffaqiyatsizliklardan qo‘rqmang — ular sizni kuchli qiladi. Eng asosiysi, orzularingizga ishoning va maqsad sari oldimlashda odamiylikni unutmang.”
