Liderlar 1.0 arxivi
ABDURAXMONOVA MUSLIMAXON FAZLITDIN QIZI
ilm va imkoniyatlar sari izchil qadamlar bilan olg'a borayotgan lider

Abduraxmonova Muslimaxon — ilm va imkoniyatlar sari izchil qadamlar bilan olg'a borayotgan lider
Tug‘ilgan sana: 27-yanvar 2006-yil
Tug‘ilgan joy: Namangan viloyati, Chortoq tumani
Yashash joyi: Toshkent shahri
Ta’lim: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) yo‘nalishi talabasi
Ish faoliyati: O‘zDJTU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi xodimi
Ilmga yo‘l ochgan birinchi qadamlar
Muslimaxon Abduraxmonova ilm sari ilk qadamlarini 2020-yilda NamDU qoshidagi akademik litseyga o‘qishga kirishi bilan boshladi. Ingliz tilini chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqish uni qisqa muddat ichida IELTS imtihoniga tayyorladi va 15 yoshida ilk bor ushbu sertifikatni qo‘lga kiritdi. 2023-yildan boshlab esa O‘zDJTU ingliz tili 2-fakultetida tahsil olish bilan birga ilk ish faoliyatini ham boshladi.
Yutuqlar va xalqaro ishtiroklar
Yillar davomida u ona tili va adabiyoti hamda biologiya fanlaridan olimpiadalarda qatnashib, a’lo natijalarga erishdi. AQSh elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Self-defense” loyihasining faol ishtirokchisi bo‘ldi. Cambridge Assessment tashkiloti loyihalarida qatnashib, bir nechta sertifikatlar oldi. 2024/2025-o‘quv yilida Navoiy nomli Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. 40 dan ortiq maqola va bir nechta kitoblar muallifi sifatida ilmiy va ijodiy faoliyatini rivojlantirdi.
Prezident farmoniga asosan Respublika til o‘qitish markazida xitoy tili bo‘yicha gid-tarjimonlik kursini grant asosida tamomladi. 2025-yil yanvarida Koreya Respublikasida xalqaro talabalar almashinuvi doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida qatnashdi. Iyun oyida IELTS imtihonidan 7.5 ball natija qayd etib, o‘z til bilimini yana bir bor isbotladi.
Ilhom manbai va hayotiy qarashlar
Muslimaxonning aytishicha, ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi unga eng katta turtki bergan. Karantin davrida ingliz tilini chuqur o‘rganishga kirishishi bugungi yutuqlarining asosiy poydevoriga aylangan. Uning shiori: “Harakatdan to‘xtamaslik muvaffaqiyatlar kalitidir.”
Qiziqishlar va yetakchilik fazilatlari
Bo‘sh vaqtida yangi xorijiy tillarni o‘rganishga intiladi. Hozirgi kunda mustaqil ravishda koreys va xitoy tillarida boshlang‘ich bilimlarni egallagan. Ko‘zlagan maqsad yo‘lida to‘xtamaslik, taslim bo‘lmaslik va insonlarni o‘z ortidan yetaklay olish — uning asosiy yetakchilik sifatlaridan.
Kelajak maqsadlari va hayotiy saboqlar
Muslimaxon magistratura va doktoranturada tahsilini davom ettirib, yetakchi kadr sifatida o‘zi orzu qilgan ish muhitini yaratishni rejalashtiradi. U uchun eng muhim fazilatlar — self-discipline va bir maqsad yo‘lida sabr bilan oxirigacha borish. Yosh bo‘lishiga qaramay, faoliyat jihatidan ko‘pchilik bilan teng darajada bo‘lishi uning qat’iyati va intiluvchanligidan dalolatdir.
Uning fikricha, inson o‘ziga berilgan imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishi lozim:
“Hamma narsaning o‘z vaqti bor. Ilm olish kerak bo‘lgan paytda yot narsalarga chalg‘imang — bu odat kelajakda eng katta xizmatni qiladi.”
