Liderlar 1.0 arxivi
JONBO‘RIYEVA MUXLISA RAXMON QIZI
Yosh ijodkor | She’riyat va nasr dunyosida porlayotgan iste’dod | Xalqaro nashrlar muallifi | Kelajak lideri

Jonbo‘riyeva Muxlisa Raxmon qizi
Yosh ijodkor | She’riyat va nasr dunyosida porlayotgan iste’dod | Xalqaro nashrlar muallifi | Kelajak lideri
Tug‘ilgan sana: 6-sentabr, 2007-yil
Tug‘ilgan joy: Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani
Yashash joyi: Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani
Ta’lim: Muzrabot tumani 16-maktab bitiruvchisi, hozirda O‘zbekiston Jahon tillari universiteti, Xorijiy til va adabiyoti: Ingliz tili ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi
Ilk qadamlar va ijodga muhabbat
Muxlisa Jonbo‘riyeva bolalikdan ingliz tilini sevib o‘rgandi, maktab davridayoq o‘z tengdoshlariga bilim ulashishni boshladi. U 7 yoshidan ingliz tilini o‘rgangan va 14 yoshida Muzrabot tumani 16-maktabida “Kids English” to‘garagini tashkil etib, kichik yoshdagi bolalarga ta’lim berdi. Shu bilan birga, u she’r, hikoya va maqolalar yozib, grafik dizaynerlikda ham o‘zini sinab ko‘rdi.
Ijodga jiddiy qadamini 2023-yilda tashladi. Aynan o‘sha yili o‘zining she’riy asarlarini xalqaro gazeta va jurnallarda chop ettira boshladi. Bu esa uning hayotida yangi ufqlar ochib, uni xalqaro adabiy maydonga olib chiqdi.
Yutuqlar va xalqaro e’tiroflar
Muxlisaning qisqa vaqt ichida qo‘lga kiritgan yutuqlari son-sanoqsiz. Uning ijodi bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida e’tirof etildi.
- 2023-yil — Ozarbayjonda o‘tkazilgan “Turk dunyosining shoirlari” yig‘ilishi uchun taklifnoma sohibasi.
- 2023-yil — “Elimiz bir, dilimiz bir” loyihasi ishtirokchisi.
- 2024-yil — “O‘zbekistonning iste’dodli qizlari” to‘plamida “Odamzod o‘zini bilmayin qoldi” she’ri chop etildi.
- 2024-yil — “Ezgulik” gazetasida bir necha she’rlari chop etildi.
- 2024-yil — Zulfiya mukofoti sovrindori Sarvinoz To‘yliyeva asos solgan “Ijodkor” kursi sertifikat sohibasi.
- 2024-yil — Kenya, Germaniya, Hindiston, Moldova davlatlarida she’rlari va ilmiy maqolalari chop etildi.
- 2024-yil — “Dengiz Guli” nomli mualliflik she’riy va nasriy to‘plami Moldova Respublikasida nashr etildi va Google Books hamda Amazon platformalarida keng auditoriyaga taqdim etildi.
- 2025-yil — IELTS (B1, 5.0), CEFR (B1 va B2) sertifikatlari egasi.
- 2025-yil — Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tuman bosqichida 1-o‘rin va Respublika bosqichi ishtirokchisi.
Bu yutuqlar Muxlisaning nafaqat iste’dodli ijodkor, balki mehnatkash va orzu sari dadil intiluvchi shaxs ekanidan darak beradi.
Ilhom va hayotiy burilish
Muxlisaning hayotida bir uchrashuv katta burilish yasadi. U Ro‘zmetova Roziyajon ismli muxlisasi bilan tanishib, unga bag‘ishlab “Quyoshdan yaralgan opam” she’rini yozdi. Opasining sovg‘a qilgan “Duo taqdirni o‘zgartiradi” kitobi esa uning hayotida yangi kuch va ishonch uyg‘otdi. Oilaviy qiyinchiliklar ichida bu kitob unga yorug‘lik berdi, orzular sari intilishga undadi.
Shuning uchun Muxlisaning hayotiy shiori ham qat’iyatni ifodalaydi:
“Cho‘qqiga doim yolg‘iz chiqasan.”
Qadriyatlar va liderlik qarashlari
Muxlisa uchun liderlik — bu jamoani ergashtirish, muammolarga yechim topa olish va eng muhimi, comfort zonasini himoya qilishdir. U shunday deydi:
“Har bir inson aslida lider. Faqat ko‘pchilik o‘zining haqiqiy sohasini topishda qiynaladi.”
Uningcha, chin lider avvalo o‘zini boshqara oladi, keyin boshqalarga ilhom bag‘ishlaydi.
Qiziqishlar va bo‘sh vaqt
Muxlisa bo‘sh vaqtida kitob o‘qiydi, portret va rangtasvir ishlaydi. Bu mashg‘ulotlar uning tasavvurini boyitib, ijodini yanada serqirra qiladi.
Kelajak sari orzular
Muxlisa yaqin kelajak uchun aniq strategiyalar ishlab chiqqan: Zulfiya mukofotini qo‘lga kiritish, yirik stipendiyalar va tanlovlarda g‘olib bo‘lish, yangi she’riy to‘plam va roman yaratish, rus tilini mukammal o‘rganish, grafik dizayn bo‘yicha chuqurroq bilim olish, xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish.
Uning asosiy maqsadi — ijodi va ilmiy izlanishlari orqali dunyoga o‘zbek yoshlarining salohiyatini ko‘rsatish.
Yoshlar uchun saboq va maslahat
Muxlisa yoshlarga shunday deydi:
“Kelajak bizning qo‘limizda. Uni ko‘klarga parvoz ettirish uchun o‘zgarishni o‘zimizdan boshlashimiz shart. Orzularni maqsadga aylantirib, ulkan rejalarga qat’iyat bilan intilish kerak.”
Bugun Jonbo‘riyeva Muxlisa — o‘z she’riy va ilmiy ijodi bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham tanilib borayotgan yosh iste’dod. U hayoti bilan shuni isbotlamoqda: cho‘qqiga chiqish yo‘lida sabr, qat’iyat va o‘ziga bo‘lgan ishonch eng katta qurol hisoblanadi.
Shubhasiz, kelajakda uning nomi o‘zbek adabiyoti va xalqaro ijodiy maydonlarda yorqin porlaydi.
