Liderlar 1.0 arxivi
BEKMURODOV UROL SHOYMARDONQUL O‘G‘LI
Pedagogika va psixologiya yo‘lida izlanayotgan yosh islohotchi

Bekmurodov Urol — Pedagogika va psixologiya yo‘lida izlanayotgan yosh islohotchi
Tug‘ilgan sana va joyi: 1994-yil 31-yanvar, Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani
Ta’lim: Toshkent Alfraganus universiteti, Pedagogika fakulteti, Pedagogika va psixologiya yo‘nalishi talabasi
Faoliyat va birinchi qadamlari
Bekmurodov Urolning faoliyati 2023-yildan, “Oltin qanot” akademiyasidan boshlangan. Shu davrdan boshlab u nafaqat ilmiy izlanishlar, balki yoshlarni rivojlantirish va intellektual loyihalarga jalb etishda ham faol ishtirok etib kelmoqda. U hozirda Alfraganus universiteti “Zakovat” klubining koordinatori o‘rinbosari, shuningdek, Psixologiya klubi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, u “Yosh islohotchi” Surxondaryo viloyati kengashi “Zakovat” loyihasi rahbari sifatida yuzlab yoshlarni birlashtirib, bilim olish va tafakkurni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bugunga qadar Urol 100 ga yaqin sertifikat va diplomlar bilan taqdirlangan.
Hayotiy saboq va shaxsiy ilhom
Bekmurodov Urol hayotida alohida ta’sir qilgan inson bo‘lmasa-da, u o‘tgan kunlaridan dars olib, kelajakni bilim va izlanish bilan boyitishga intiladi. O‘zi yozadigan hikmatli so‘zlar va aforizmlar unga hayotda yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qiladi.
Uning shiori shunday jaranglaydi:
“Siz buyuk ishlar uchun tug‘ilgansiz, buyuk ishlar qilishni boshlang. Orzu emas, maqsad qiling. Har kuni o‘zingizga: ‘Men buyuk ishlarga qodirman’, deb ayting!”
Qiziqishlari va mashg‘ulotlari
Urol bo‘sh vaqtini ham samarali o‘tkazadi. Afu “Zakovat” klubi va “Yosh islohotchi” kengashi Surxondaryo viloyati zakovat klubi doirasida onlayn kechki savol-javob loyihalarini o‘tkazib, yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Uning fikricha, haqiqiy liderning asosiy fazilatlari — muloqot madaniyati va mas’uliyat. Shu xislatlar bilan inson nafaqat jamoada hurmat qozonadi, balki boshqalarga ham yo‘l ko‘rsata oladi.
Maqsad va qarashlar
Bekmurodov Urolning eng katta orzusi va maqsadi — yetuk psixolog bo‘lish. U bu yo‘lda ko‘proq kitob o‘qish, bilim va tajribani jamiyatga foyda keltirish uchun yo‘naltirish zarurligini ta’kidlaydi.
O‘zini oddiy inson deb bilsa-da, aslida Urolning kuchi uning mehnatida, sabrida va izlanishlarida. Chunki u biladiki, jamiyatga eng katta foyda — bilimni amaliyotga tatbiq etish va uni boshqalar bilan bo‘lishishdir.
