Liderlar 1.0 arxivi

RUSTAMOV UMAR ZAFARIVICH

huquq sohasida o‘z yo‘lini topgan yosh lider

19 avgust, 20252 daqiqalik o'qish
RUSTAMOV UMAR ZAFARIVICH

Rustamov Umar — huquq sohasida o‘z yo‘lini topgan yosh lider

Tug‘ilgan sana va joyi: 2008-yil 18-sentabr, Toshkent tumani

Ta’lim: O‘zbekistondagi yagona yuridik maktab — Yakubov’s School

Yo‘nalish: Huquq sohasi (2024-yil kuzidan boshlab)

Ilm sari tashlangan qadamlar

Rustamov Umar yosh bo‘lishiga qaramay, huquq sohasida jiddiy iz qoldirishga intilmoqda. U O‘zbekistondagi yagona yuridik maktab — Yakubov’s Schoolda o‘qiydi va bu orqali o‘zining professional kelajagini aniq belgilab olgan. Ayniqsa, 2024-yil kuzidan boshlab huquqiy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishni boshlagani, uni tengdoshlaridan bir necha qadam oldinga olib chiqdi.

Loyihalar va yutuqlar

Umar nafaqat o‘quvchi, balki tashabbuskor sifatida ham tanilgan. U “JIL debate” va “Adolat Voice (panel discussion)” loyihalariga asos solib, yoshlarda erkin fikrlash va bahs madaniyatini shakllantirishga hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, u “Time of English” o‘quv markaziga ham asos solib, ko‘plab yoshlarga ingliz tilini o‘rganishda imkon yaratdi.

U xalqaro yoshlar panel discussionida “Eng yaxshi participant” sifatida e’tirof etilgan, ko‘plab MUN (Model United Nations) loyihalarida ishtirok etgan. Bundan tashqari, u yuridik maktabning eng yaxshi sudyasi va “O‘quvchilar assotsiatsiyasi” prezidenti sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Ta’kidlash joizki, Umar o‘z tengdoshlariga yordam sifatida birinchi marta bepul IELTS va CEFR mock exam tashkil qilib, ularga katta imkoniyat yaratgan.

Ilhom manbalari va burilish nuqtasi

Umar hayotida katta o‘zgarish uning maktabi o‘zgarganida va ustoz Akhtam Yakubov (O‘zbekiston yuridik universiteti prorektori) bilan uchrashganida yuz berdi. Ustozining bilimdonligi, odilligi va huquq sohasiga sadoqati Umarning kelajak yo‘lini butunlay o‘zgartirdi. Bugun Umar o‘zining barcha orzularini huquq sohasi bilan bog‘lab, kelajakka qat’iyat bilan intilmoqda.

Uning hayotiy shiori esa oddiy, ammo chuqur ma’noga ega:

“Hammadan a’lo bo‘lishga intil!!!”

Liderlik va qarashlari

Umar liderlikni ikki xil tomondan talqin qiladi: kimdadir bu qobiliyat tug‘ma bo‘lsa, kimdadir esa uni shakllantirish uchun ilm va mehnat kerak bo‘ladi. Uning fikricha, o‘qilgan ilm ishlatilmasa, u xuddi o‘qilmaydigan oltin kitobga aylanadi. Shu bois u doimo ilmni amaliyotda qo‘llash tarafdori.

Bo‘sh vaqtining deyarli yo‘qligiga qaramay, Umar imkon topganda oilasiga vaqt ajratishni eng muhim qadriyat deb biladi. Bu esa uning nafaqat mas’uliyatli, balki oilaparvar inson ekanidan ham dalolat beradi.

Kelajak rejalari

Umar Rustamovning asosiy maqsadi — yoshlarning huquqiy bilimini oshirish va xorijiy huquqiy tajribalarni O‘zbekistonga olib kelish. Uning orzusi nafaqat o‘z sohasida muvaffaqiyat qozonish, balki kelajak avlodga huquqiy bilim va adolat qadriyatlarini yetkazishdir.

Uning fikricha, odamlar undan tillarni o‘rganish, yangi g‘oya va loyihalar yaratishni o‘rganishlari mumkin. Har bir suhbatida u tinglovchilariga yangi bilim va motivatsiya baxsh etadi.

Yoshlar uchun xabar

Umar bugungi yoshlarning muammosiga ham befarq emas. Unga ko‘ra, ko‘pchilik orzularidan voz kechib, pul ortidan quvmoqda. Aslida esa ularning ichida kelajakdagi Eynshteynlar, Ilon Masklar, buyuk sportchilar yashiringan.

Umar shunday maslahat beradi:

“Ilm yo‘lingizdan boring, maqsadingiz pul bo‘lmasin. Chunki siz ilmning ketidan yursangiz, pul o‘zi sizning ketingizdan quvlaydi!”

Hoziroq ariza qoldirish