Liderlar 1.0 arxivi
MAMADIYOROVA MADINA SAYDULLA QIZI
Xalqaro iqtisodchi bo‘lajak lider | Ilm fidoyisi | UWED Calculus asoschisi | Adolatga sodiq kitobxon

Mamadiyorova Madina Saydulla qizi
Xalqaro iqtisodchi bo‘lajak lider | Ilm fidoyisi | UWED_Calculus asoschisi | Adolatga sodiq kitobxon
Tug‘ilgan sana: 22-yanvar, 2005-yil
Tug‘ilgan joy: Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani
Yashash joyi: Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani
Ta’lim: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti, 3-bosqich
Faoliyati: “UWED_Calculus” loyihasi asoschisi, xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha izlanishlar olib boruvchi talaba
Boshlanish — litseydan, maqsad — xalqaro maydonga
Madina o‘zining ilk bilim yo‘lini 2021–2023 yillarda Navoiy davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litseyda boshlab, hozirda esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 3-bosqich talabasi sifatida xalqaro iqtisodiyot va menejment sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirib bormoqda. U tanlagan yo‘l — nafaqat iqtisodiy tahlil, balki strategik tafakkur, liderlik, tashabbuskorlik yo‘lidir.
“UWED_Calculus” — o‘quvchilar uchun bilim platformasi
Madina 2023-yildan buyon UWED_Calculus nomli ta’limiy jamoani boshqaradi. Bu loyiha matematika va iqtisod fanlarini chuqur o‘rganishga qiziqqan talabalar uchun mustahkam tayanchga aylandi. Jamoaning asoschisi va yetakchisi sifatida u o‘z g‘oyalarini nafaqat shakllantirdi, balki amalda ko‘rsatdi. Ushbu platforma orqali ko‘plab yoshlar fanlarni sevib o‘rganishni boshladi.
Ilm — uning iymonidek mustahkam qadriyat
Madina ilmiy maqolalari bilan ham xalqaro miqyosda tanilgan. U ilmiy izlanishlari bilan “Eng yaxshi ilmiy izlanuvchi – 2024” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan. Bir nechta maqolalari xalqaro jurnallarda chop etilgan, 2 ta xalqaro almanaxda ishtirok etgan va kitoblari nashr etilgan.
IELTSdan 6.5 natija (writing — 7) bilan muvaffaqiyatli sertifikatga ega. Ilmga bo‘lgan mehrini hali litsey davrida boshlagan bo‘lib, Respublika fan olimpiadalarining viloyat bosqichida birinchi o‘rinlar egasi bo‘lgan.
Orqa fon — oilaning ishonchi va qo‘llab-quvvatlovi
Madinaning hayotidagi eng katta turtki — bu ota-onasi va akalari. Ular uni bolaligidan to‘garaklar, kurslar orqali bilimga yetaklagan. Bu imkoniyatlar uni shakllantirdi, o‘zi istagan yo‘lni tanlashga ruh berdi. Har bir katta orzuning ortida — oilaviy ishonch bo‘ladi. Madinaning yutuqlari ham bunga yorqin misoldir.
Kitob, sport va yangilik — har kuni o‘sish uchun imkon
Madina bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishni yaxshi ko‘radi: yangi chiqgan kitoblarni izlab topadi, sport bilan shug‘ullanadi, kundalik yangilik va axborotlarni kuzatib boradi. Bu odatlar uning tafakkurini kengaytiradi, fikrlashini teranlashtiradi.
Uni ko‘pchilik “bookworm” — ya’ni kitobga oshno inson deb ataydi. Bu e’tirof — sabr, ishtiyoq va bilishga bo‘lgan muhabbatning natijasidir.
Liderlik — jamoani orqasidan ergashtira olish san’ati
“Katta orzular qilishdan qo‘rqma — hozir qilayotgan har bir kichik harakating kelajakdagi yutuqlaring poydevoridir.”
Madinaning fikricha, haqiqiy lider — bu o‘ziga ishonadigan, jamoani orqasidan ergashtira oladigan inson. U boshqalarga ishonch baxsh etadi, o‘z g‘oyasiga ishonadi va natijaga intiladi. Shuning uchun ham Madinadan o‘rganish mumkin bo‘lgan eng muhim narsa — bu jamoada ishlash ko‘nikmasidir.
Kelajak sari ishonchli qadamlar
Madinaning orzusi — O‘zbekiston iqtisodiyotini zamonaviylashtirishda o‘z hissasini qo‘shish, shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yish, xalqaro maydonda tan olingan mutaxassisga aylanish. Bu yo‘lda u har bir imkoniyatdan foydalanadi, har bir harakatini kelajak uchun zamin sifatida ko‘radi.
Mamadiyorova Madina — bu bilim, izlanish va adolat timsoli. U o‘z g‘oyalari bilan ilhomlantiradi, yondashuvi bilan e’tibor tortadi, maqsadlari bilan esa kelajakka yo‘l ochadi.
Shiori: “Kuch — adolatdadur.”
