Liderlar 1.0 arxivi
RIXSIBOYEV JAVLON MURODJON O'GLI
O‘zbekiston hayvonot olamidagi noyob iz qoldirayotgan yosh zoomuhandis

Rixsiboyev Javlon — Oq yo‘lbarslardan qora qoplonga qadar: O‘zbekiston hayvonot olamidagi noyob iz qoldirayotgan yosh zoomuhandis
Tug‘ilgan sana: 9-fevral 2001-yil
Tug‘ilgan joy: Toshkent viloyati, Qibray tumani
Faoliyat sohasi: Ekologiya, hayvonot muhofazasi, yirtqich hayvonlar bo‘yicha zoomuhandis
Lavozim: Toshkent hayvonot bog‘i yirtqichlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari
Bolalik qiziqishidan hayotiy kasbgacha
Javlon Rixsiboyevning hayvonlarga bo‘lgan qiziqishi oddiy havas emas — bu uning butun hayotini belgilab bergan yo‘l bo‘ldi. U dastlab 2020-yilda Toshkent hayvonot bog‘ida oddiy ishchi sifatida faoliyat boshladi. Ammo ishga bo‘lgan mehr, mas’uliyat va bilimga chanqoqlik uni qisqa vaqt ichida yirtqich hayvonlar bo‘yicha zoomuhandis darajasiga olib chiqdi. Bugun esa u Toshkent hayvonot bog‘i yirtqichlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlamoqda.
O‘zbekiston tarixida ilk marotaba oq sher va oq yo‘lbarslarni tarbiyalagan, shuningdek, qora qoplonni muvaffaqiyatli ko‘paytirgan mutaxassis sifatida uning nomi nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro hayvonot muhofazasi sohasida ham e’tiborga tushdi.
Yutuqlar va e’tiroflar
Javlonning sohadagi mehnati ko‘plab mukofotlar bilan taqdirlangan. 2019-yilda Toshkent shahar kinologiya musobaqasida 2-o‘rin sohibi bo‘ldi. 2021-yilda “Yilning eng yaxshi hodimi” sertifikatiga sazovor bo‘ldi. 2022-yilda Xalqaro ZIMS dasturi mutaxassisi sertifikatini oldi. 2024-yilda esa “Yosh ekolog” tanlovida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bu yutuqlar ortida ko‘p yillik mehnat, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va orzudan voz kechmaslik yotadi. Javlon o‘qishga kirish uchun 4 yil tayyorlanib, bir necha bor omadsizlikka uchragan bo‘lsa-da, ota-onasining ishonchi uni orqaga emas, oldinga undadi.
Hayotiy falsafa va liderlik qarashlari
Uning shiori — “Faqat oldinga qadam tashla. O‘tmish o‘tdi, kelajak hali kelmadi — bugun bilan yashab orzularinga erish.” Javlon uchun haqiqiy liderning eng muhim fazilati — mas’uliyat. Chunki mas’uliyatli inson nafaqat o‘zini, balki jamoasini ham muvaffaqiyat sari yetaklay oladi.
Bo‘sh vaqtida o‘z kasbiy bilimlarini yanada boyitadi, ekologiya bo‘yicha yangi izlanishlar olib boradi. Uning kelajakdagi maqsadi — Ekologiya vazirligi tizimida ishlash va O‘zbekiston tabiatini asrashda muhim kadr bo‘lish.
Boshqalarga ibrat
Javlondan boshqalar mas’uliyat, qat’iyat, adolatli rahbarlik va “muvaffaqiyat kelgunicha harakatni to‘xtatmaslik” fazilatlarini o‘rganishlari mumkin. U yoshlarga:
“Atrofdagilarning turli so‘zlariga e’tibor bermang, o‘z yo‘lingizda davom eting. O‘z kasbingizda professional bo‘lmaguningizcha ilm olishdan to‘xtamang,”
— degan maslahatni beradi.
