Liderlar 1.0 arxivi
SULTONOVA UMIDA RASHID QIZI
Imkoniyatni kutmay, uni o‘zi yaratadigan yosh lider

Sultonova Umida — imkoniyatni kutmay, uni o‘zi yaratadigan yosh lider
Tug‘ilgan sana va joyi: 2006-yil 17-yanvar, Xorazm viloyati, Gurlan tumani
Hozirgi yashash joyi: Xorazm viloyati, Urganch shahri (o‘qish maqsadida)
Ta’limi:
- 2012–2023-yillar — Gurlan tumani 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi
- 2014–2018-yillar — Gurlan tumani 9-son Bolalar musiqa va san’at maktabi, tasviriy san’at yo‘nalishi
- 2023–2024-yillar — Urganch innovatsion universiteti, filologiya yo‘nalishi
- 2024-yildan — Urganch davlat pedagogika instituti, Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili yo‘nalishi) talabasi
Ilm va ijod sari qadamlar
Umida Rashid qizi yoshligidan san’at va ijod olamida ulg‘aydi. Rasm chizishga bo‘lgan qiziqishi uni ko‘plab tanlovlarga olib kirdi, tuman va viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lishga sabab bo‘ldi. San’atdagi iste’dodi unga nafaqat diplom va sertifikatlar, balki jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun mustahkam poydevor ham berdi.
Keyinchalik u til o‘rganishga qiziqib, ingliz tili va adabiyotini chuqur o‘rganishni boshladi. Hozirda esa jurnalistika sohasida ham o‘zini sinab ko‘rishga bel bog‘lagan. Uning fikricha, inson bir sohada emas, turli yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rsa, bu nafaqat shaxsiy rivoj, balki jamiyat uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi.
Faollik va yetakchilik sari yo‘l
2017-yilda Gurlan tumanida “Kamalak” bolalar tashkiloti matbuot yo‘nalishi sardori sifatida ilk bora jamoa oldida yetakchilik qobiliyatini ko‘rsatdi. Keyinchalik Urganch davlat pedagogika institutida Tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalar yo‘nalishi koordinatori bo‘lib ishladi. Har bir bosqichda u tashabbuskorligi, ijodiy fikrlashi va tashkilotchilik fazilatlari bilan ajralib turdi.
Universitetlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovlarda, rasmlar ko‘rgazmalarida va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etdi. Aynan shu faoliyati uni ko‘plab yoshlar orasida ajralib turadigan iqtidorli talaba sifatida tanitdi.
Ilhom manbalari va hayotiy qarashlari
Umidaning hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan inson — uning ustozasi, O‘zbekiston Qahramoni Anora Mahmudova. Ustozining g‘oyaviy ko‘magi, mehribon qo‘llari Umidaga ta’lim va jamiyatga xizmat qilishning naqadar muhimligini anglatdi. Keyinchalik esa u Tanzila Norboyeva kabi siyosatda faol ayollardan ilhom olib, jamiyatda o‘z ovoziga ega bo‘lishga intildi.
Umidaning hayotiy shiori shunday:
“Shunchaki urinib ko‘r. Loyiq bo‘lsang albatta erishasan. Hech tanilmagandan ko‘ra, jamiyat seni mag‘lubiyat va g‘alabalaring bilan tan olsin.”
Uning fikricha, lider bo‘lishda eng muhimi — ishonch. Chunki rivojlanish faqatgina shaxsiy yutuq emas, balki atrofdagilarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsata olishdir.
Kelajak sari intilish
Umidaning orzusi — xalqaro miqyosda elchi sifatida faoliyat yuritish. U bir joyda to‘xtab qolishni emas, balki turli yo‘nalishlarda o‘zini sinashni maqsad qilgan. Uningcha, mukammallik emas, balki faollik va tashabbuskorlik insonni yetakchi qiladi.
Shuningdek, u boshqalarga ham shunday maslahat beradi:
“Har bir insonning imkoniyati o‘z ichida yashiringan. Imkon kutib o‘tirmang, uni o‘zingiz yarating. Kichkina qadam ham katta natijalarga olib keladi.”
