Liderlar 1.0 arxivi
FAYZULLAYEVA GULSANAM SHUHRAT QIZI
Ilm va orzular yo‘lida sobit qadam tashlayotgan lider

Fayzullayeva Gulsanam — Ilm va orzular yo‘lida sobit qadam tashlayotgan lider
Tug‘ilgan sana: 2-noyabr 2003-yil
Tug‘ilgan joy: Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani
Ta’lim: Kasbi tumani 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, O‘zbekiston Milliy universiteti, Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti (МГИМО)
Yo‘nalishlar: Rus tili va adabiyoti, Xalqaro huquq
Ilk izlanishlar va ta’lim sari qadamlar
Gulsanamning karyerasi maktab davridayoq boshlangan. Rus tili fanidan olimpiadalarda muntazam qatnashib, 2015–2021-yillar davomida yetti yil ketma-ket ishtirok etgan va bir necha marotaba sovrindor bo‘lgan. Shu davrda u nafaqat o‘quvchi sifatida, balki jamoat ishlarida ham faol bo‘lib, 2018–2019-yillarda Qashqadaryoda “Yoshlar ittifoqi” tuman kengashi sardorlaridan biri sifatida yoshlarni birlashtirishda o‘z hissasini qo‘shgan.
2021-yilda O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiya fakultetiga davlat granti asosida qabul qilinib, “Rus tili va adabiyoti” yo‘nalishida tahsil oldi. Bu bosqichda ham u ko‘plab yutuqlarga erishdi — xalqaro jurnallarda maqolalar chop etdi, ilmiy izlanuvchanligini psixologiya sohasi bilan ham boyitdi.
Yutuqlar va xalqaro tan olinishi
Fayzullayeva Gulsanamning ilmiy va ijodiy faoliyati e’tiborsiz qolmadi. Uning maqolalari 7 marotaba xalqaro jurnallarda chop etilgan bo‘lib, hatto Google Scholar bilan ham hamkorlikda nashr etilgan.
Uning erishgan yutuqlari qatoriga quyidagilar kiradi:
- “Anor” Respublika ijodkorlar kengashida — 3-o‘rin (2023)
- “Пушкинская лира” xalqaro olimpiadasida — 2-o‘rin (2023)
- “Agartu elcisi” ko‘krak nishoni (2024)
- MDH davlatlari bo‘ylab tarqatilgan xalqaro jurnalda chiqqan adabiyotshunoslikka oid maqolasi uchun — “Eng yaxshi ilmiy izlanuvchi” ko‘krak nishoni
- Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetiga magistraturaga grant asosida qabul qilinishi (2024)
- Lomonosov nomidagi Arktika federal universitetiga o‘qishga taklif (Arxangelsk)
- Rus tilidan yuqori balli xalqaro sertifikat (2025)
- Turk tilidan milliy sertifikat (2025)
Va nihoyat, 2025-yil iyul oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga qarashli Moskva davlat xalqaro aloqalar institutiga (МГИМО) imtiyozli ravishda qabul qilinib, hozirda “Xalqaro huquq” yo‘nalishida 1-kurs talabasi sifatida tahsil olmoqda.
Hayotiy burilish va motivatsiya manbai
Gulsanam hayotida chuqur iz qoldirgan voqealardan biri — 2024-yil dekabrida otasining vafoti bo‘ldi. Shu voqea uni hayotiy qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga undadi. Magistraturada davom etish o‘rniga, otasi bilan bo‘lgan orzularni amalga oshirish, faqat o‘qituvchilik bilan kifoyalanib qolmasdan, xalqaro miqyosda zo‘r mutaxassis bo‘lish uchun МГИМОga imtihon topshirishga qaror qildi.
Uning hayotiy shiori esa barchaga ilhom bag‘ishlaydi:
“Yutuqlar — bu manzil emas, yo‘ldagi belgilar xolos. Muhimi — qadamlarni to‘xtatmaslik.”
Qiziqishlar va bo‘sh vaqt odatlari
Bo‘sh vaqtida Gulsanam badiiy kitoblar o‘qishni yaxshi ko‘radi. Shuningdek, Instagramdagi shaxsiy blogini rivojlantirishga alohida vaqt ajratadi. Bu orqali u o‘z fikrlarini jamiyat bilan bo‘lishib, tengdoshlari uchun ilhom manbai bo‘lib kelmoqda.
Liderlik falsafasi
Uning nazarida haqiqiy lider bo‘lish uchun ikki fazilat zarur: fidokorlik va vijdon.
“Vijdon va fidokorlik ezgu amallarga undaydi. U odamlarni yetaklab, birlashtirishga, ularga kuch bag‘ishlashga asos bo‘la oladi.”
Kelajak sari intilishlar
Gulsanamning eng katta orzusi — ikkinchi mutaxassisligini tugatgach, xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritish. Bu yo‘lda u ingliz va fransuz tillarini mukammal o‘rganishga bel bog‘lagan. Uning fikricha, bu yo‘l oson emas, ammo sobit qadamlar bilan har qanday marraga yetish mumkin.
“Hech qachon taslim bo‘lmang. Eng katta g‘alabalar eng og‘ir sinovlardan keyin keladi.”
Yoshlar uchun saboq va hayotiy xulosa
Gulsanamning hayotiy tajribasi shuni ko‘rsatadiki, hayot hech qachon bir tekis yo‘ldan iborat emas. U yoshlarni qiyinchiliklar qarshisida ham to‘xtamaslikka chorlaydi:
“Har qanday vaziyatda ham yengilmaslik kerak. Yo‘lingizda shamol qarshi essa ham, eng baland cho‘qqilar faqat eng matonatlilarni kutadi.”
