Liderlar 1.0 arxivi

SHARIPOV SHAROFIDDIN DILSHOD O‘G‘LI

Siyosiy faol | Yoshlar lideri | Tahlilchi | Buyuk kelajak sari intiluvchi

21 avgust, 20253 daqiqalik o'qish
SHARIPOV SHAROFIDDIN DILSHOD O‘G‘LI

Sharipov Sharofiddin Dilshod o‘g‘li

Siyosiy faol | Yoshlar parlamenti a'zosi| Tahlilchi | Lider

Tug‘ilgan sana: 22-mart, 2004-yil

Tug‘ilgan joy: Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Kattaarab qishlog‘i

Yashash joyi: Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 11-mavze

Ta’lim: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Akademik litseyi bitiruvchisi; 2022-yildan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi, 4-kurs talabasi.

Faoliyati: Milliy tiklanish demokratik partiyasi Markaziy Kengashi huzuridagi O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi (Milliy AQL markazi) tahlilchisi.

Tarixdan siyosat sari yo‘l

Sharofiddin Sharipov — yoshlikdan tarixni sevgan, uning qahramonlariga havas qilgan, lekin shunchaki o‘tmishni o‘rganish bilan cheklanmay, kelajakni yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan intiluvchan yosh.

U maktab davridayoq “Tarix — bu kechagi siyosat, siyosat esa bugungi tarix” degan haqiqatni anglagan. Shuning uchun ham u tarixni kitoblarda emas, hayotning o‘zida yaratishni tanladi. Bugun u o‘zining siyosiy faoliyati orqali yosh bo‘lishiga qaramay jamiyatda sezilarli iz qoldirib bormoqda.

2024-yilda universitet tomonidan Milliy tiklanish demokratik partiyasiga amaliyotga yuborilgach, harakatchanligi, mas’uliyati va jamoaviy ishlarda faol bo‘lgani sababli rahbariyat unga katta ishonch bildirdi. Natijada u “Milliy AQL markazi”da qolib ishlashga taklif etildi. Hozirda Sharofiddin markaz mediasini jamoasi bilan birgalikda boshqaradi va tahliliy ishlarda faol qatnashadi.

Yutuqlar va tan olinganlik

Sharofiddinning yoshlikdan boshlangan yutuqlari bugungi faoliyatiga mustahkam poydevor bo‘ldi. U 2020-yilda Qashqadaryo viloyati bosqichida o‘tkazilgan “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining g‘olibi bo‘ldi. Bu yutuq uning tarixga bo‘lgan chuqur qiziqishini va bilimini tasdiqladi.

2025-yil yanvaridan esa u Oliy ta’lim vazirligi qoshidagi Yoshlar akademiyasining Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti lideri sifatida tanlandi. Bundan tashqari, Sharofiddin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

Bu maqomlar — uning yoshlikdagi orzulari va tinimsiz intilishlari qanchalik samarali bo‘lganini ko‘rsatadi.

Yetakchilik falsafasi

Sharofiddin uchun liderlik — lavozim yoki maqom emas, balki mas’uliyatdir. U shunday deydi:

“Hamma muammoga duch kelganda kutib turganda, lider o‘sha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Lider — jamoaning xo‘jayini emas, balki teng a’zosi.”

Uning fikricha, haqiqiy yetakchi vaziyatga to‘g‘ri baho berishi, tahliliy yondasha olishi, voqelikni real qabul qilishi va eng muhimi, jamoani birlashtira olishi kerak. Shuning uchun ham u bo‘sh vaqtini ko‘proq siyosiy bilimlarini oshirish, yangi hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga bag‘ishlaydi.

Hayotiy maqsad va orzular

Sharofiddinning maqsadi oddiy emas. U siyosiy karyerada iloji boricha yuqori marralarni egallashni, xalq manfaatiga xizmat qiladigan yetuk siyosatchiga aylanishni istaydi. Uning orzusi — xalq ishonchini oqlash, Vatan ravnaqi uchun tarixiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish.

U shunday deydi:

“Har yuz yilda dunyoga zamonasining buyuk odami keladi va u butun dunyoni o‘zgartiradi. Nega endi o‘sha inson men bo‘lmasligim kerak?”

Bu fikr uning hayot falsafasini ham, kelajak sari qat’iyatini ham yaqqol ko‘rsatadi.

Qadriyatlari va fazilatlari

Sharofiddinning shaxsiy fazilatlari — mehnatsevarlik, intiluvchanlik, mas’uliyat va tahliliy fikrlash. U jurnalistik qobiliyatlari bilan ham ajralib turadi. Voqelikni to‘g‘ri baholash, jamiyatdagi muammolarga yechim taklif qilish va yoshlarni ilhomlantirish — uning doimiy yo‘ldoshi.

U yoshlarga shunday murojaat qiladi:

“Maqsadlarni katta qiling! Siz yuz yilda bir tug‘iladigan buyuk insonsiz. Biz buyuklar avlodimiz. Biz turkiymiz, biz musulmonmiz, biz o‘zbekmiz. Tariximiz buyuk, kelajakni esa biz buyuk qilamiz.”

Sharofiddin Sharipov — yoshlik orzularini siyosat maydoniga olib chiqqan, bugundan kelajakni yaratishga intilayotgan yosh lider. Uning hayoti bizga bir narsani eslatadi: siyosat — bu quruq gap emas, balki ertangi tarixdir.

Uning qat’iyati va shiori esa yoshlar uchun buyuk saboq: “Biz tarixni o‘rganish uchun emas, uni yaratish uchun kelganmiz.”

Hoziroq ariza qoldirish