Liderlar 1.0 arxivi
ISOQULOVA ZILOLA ABDUJABBOR QIZI
Yosh jurnalist | Davlat tadbirlari boshlovchisi | Orzular sari intilayotgan iqtidor

Isoqulova Zilola Abdujabbor qizi
Yosh jurnalist | Davlat tadbirlari boshlovchisi | Orzular sari intilayotgan iqtidor
📍 Tug‘ilgan sana: 22-dekabr, 2004-yil
📍 Tug‘ilgan joy: Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani
📍 Yashash joyi: Toshkent shahar, Yunusobod tumani
📍 Ta’lim: Sirdaryo viloyati Sardoba tumani 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi.
— Hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universitetining Teleradio jurnalistika yo‘nalishi 4-bosqich talabasi.
📍 Faoliyat sohasi: Davlat tadbirlari boshlovchisi, muxbir
Jurnalistikaga ilk qadamlar
Isoqulova Zilola jurnalistikaga mehr qo‘ygan kunlarini hayajon bilan eslaydi. 2022-yil may oyida Sirdaryo Yoshlar Radiosida faoliyatini boshlagan u tonggi eshittirish uchun “Kun tarixi” ruknini tayyorlash orqali dastlabki tajribasini qo‘lga kiritdi. Bu kichik qadam, aslida, uning butun kelajak yo‘lini belgilab bergan muhim burilish edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 2023-yildan boshlab O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” telekanallarida muxbir sifatida faoliyat olib bordi. Bugun esa Zilola davlat darajasidagi yirik tadbirlarning boshlovchisi sifatida tanilmoqda.
Mehnat – uning asosiy yutug‘i
Zilola hali “katta yutuqlarim yo‘q” desa-da, aslida uning bosib o‘tgan yo‘li — katta jasorat va mehnat timsolidir. 2024-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan 3 ta xalqaro media forumida volontyor jurnalist sifatida faol ishtirok etishi — yosh bo‘lishiga qaramay, uning mas’uliyat va tashabbuskorlik qobiliyatini yorqin ko‘rsatdi.
Zilola o‘z hayotiy falsafasini shunday ifodalaydi:
“Ko‘pchilik 99% mehnat va 1% omad tamoyiliga tayansa, men faqat 100% mehnatga tayanaman. Shu kungacha erishganlarim ortida faqat mashaqqat va mehnat yotibdi.”
Bu tamoyil uning xarakteridagi qat’iyat va o‘ziga bo‘lgan ishonchni namoyon qiladi.
Ilhom, qadriyatlar va prinsiplar
Zilola hayotida eng katta ta’sir kuchini — dadasi va ustozlarining tanqidi deb biladi. Ularning har bir maslahatidan kuch oladi va o‘zini yanada takomillashtirishga undaydi.
Uning hayotiy shiori esa juda sodda, ammo ulkan mas’uliyatli:
“Orzu qilishdan qo‘rqmaysanmi? Unda oldinga katta-katta maqsadlarni qo‘y!”
Zilolaga ko‘ra, haqiqiy lider — bu mas’uliyatni zimmasiga ola biladigan, tashabbuskorlik va ishonchni uyg‘ota oladigan shaxsdir. Shu bois u yoshlar orasida faqat so‘z bilan emas, amaliy harakatlari bilan ham o‘rnak bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Orzular va kelajak sari qadamlar
Isoqulova Zilolaning kelajakdagi orzulari ulkan: Oxford universitetida magistratura o‘qish, xalqaro jurnalist sifatida yurtini dunyoga tanitish, yangi media maktab yaratish va o‘zbek jurnalistikasiga yangi nafas olib kirish.
Bugun u teleradio sohasida o‘zini sinab ko‘rayotgan bo‘lsa-da, ertaga xalqaro miqyosda jurnalist sifatida yurt ovozini dunyo minbarlarida jaranglatish niyatida.
Ilmiy va kasbiy faoliyatidagi yangi yutuqlar
Uning ilmiy izlanishlari natijasida “Videoreportajlarning televideniyedan internetga evolyutsiyasi” mavzusidagi ilmiy maqolasi maxsus to‘plamda nashr etildi. Mazkur maqolada videoreportajlarning an’anaviy televideniye formatidan internet va raqamli media platformalariga o‘tish jarayoni, zamonaviy jurnalistikadagi o‘zgarishlar hamda yangi media imkoniyatlari tahlil qilingan. Ushbu ilmiy ish uning jurnalistika sohasidagi nazariy bilimlari va tadqiqotchilik faoliyatining muhim natijalaridan biri bo‘ldi.
Shuningdek, u Sudyalar oliy kengashi hamda Odil sudlov akademiyasi tomonidan tashkil etilgan, sud faoliyatini yoritishga ixtisoslashtirilgan “Sud jurnalistikasi” kursini muvaffaqiyatli tamomladi. Ushbu maxsus kursda saralangan 30 nafar jurnalistika yo‘nalishi talabasi tahsil olib, sud jurnalistikasining dastlabki tinglovchilari — ilk qaldirg‘ochlariga aylandilar.
Kurs davomida ishtirokchilar sud-huquq tizimining asoslari, sud jarayonlarini xolis va professional yoritish, huquqiy atamalardan to‘g‘ri foydalanish, jurnalistik etika, inson sha’ni va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish kabi muhim yo‘nalishlarda bilim hamda ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagach, u “Sud jurnalisti” sertifikati va maxsus identifikatsion bejik bilan taqdirlandi. Uning ta’kidlashicha, u mazkur yo‘nalishda tahsil olganlar orasida Sirdaryo viloyatidan yetishib chiqqan birinchi va hozircha yagona sud jurnalisti hisoblanadi. Bu natija uning jurnalistika bilan huquqiy bilimlarni uyg‘unlashtirish, sud jarayonlarini mas’uliyatli va xolis yoritish yo‘lidagi muhim kasbiy qadami bo‘ldi.
Ilhom bag‘ishlovchi murojaat
Zilola yosh tengdoshlariga bir haqiqatni uqtiradi:
“Mashaqqatsiz yo‘lning o‘zi yo‘q. Muhimi, hech qachon taslim bo‘lmang va ortga qaytmang. Agar omad sizni tark etsa, qo‘rqmang! Shunchaki, yana 1% ko‘proq mehnat qiling va orzularingiz sizniki bo‘ladi.”
Bugun Isoqulova Zilola o‘z mehnati va qat’iyati bilan shuni isbotlamoqda: yutuq hech qachon tasodif emas, u faqat mehnat va ilm orqali keladi.
