Liderlar 1.0 arxivi

MAMADALIYEVA SOBIRA BAHODIR QIZI

Olim | Innovator | Yoshlar uchun ilhom manbai | Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tadqiqotchi

23 sentabr, 20253 daqiqalik o'qish
MAMADALIYEVA SOBIRA BAHODIR QIZI

Mamadaliyeva Sobira Bahodir qizi

Olim | Innovator | Yoshlar uchun ilhom manbai | Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tadqiqotchi

Tug‘ilgan sana: 6-fevral, 1995-yil

Tug‘ilgan joy: Surxondaryo viloyati, Denov tumani

Yashash joyi: Toshkent viloyati, Qibray tumani, Shalola MFY

Ta’lim: Toshkent davlat agrar universiteti tayanch doktoranti, assistent-o‘qituvchi

Soha: Qishloq xo‘jaligi, seleksiya va innovatsion tadqiqotlar

Ilm yo‘lida qo‘yilgan ilk qadamlari

Sobira Mamadaliyeva ziyoli oilada ulg‘ayib, yoshlikdan bilimga mehr qo‘ydi. 2015-yilda Toshkent davlat agrar universitetiga talaba sifatida qadam qo‘ydi va shu davrdan boshlab qishloq xo‘jaligi sohasi uning hayot yo‘liga aylandi. Yillar davomida u nafaqat ilmiy izlanishlar olib bordi, balki innovatsion g‘oyalari va tashabbuslari bilan ham alohida ajralib turdi.

Bugun u tayanch doktorant sifatida ilmiy faoliyatini davom ettirib, talabalarga saboq bermoqda. Uning ko‘plab izlanishlari seleksiya, manzarali o‘simliklar, ekologik muammolar va innovatsion texnologiyalarni qamrab oladi.

Yutuqlar va e’tiroflar

Sobira opa nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham o‘z yutuqlari bilan tanilgan. U 50 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi bo‘lib, respublika va xorijiy jurnallarda chop ettirilgan.

Uning yutuqlari:

  • “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovi g‘olibasi, “Eng ilg‘or TOP 100 yoshlar” ro‘yxatiga kiritilib, 10 mln so‘m pul mukofoti va 50 mln so‘mlik grant sohibasi;
  • “Yurt iftixori” ko‘krak nishoni, turli xalqaro tanlov va konferensiyalarda faxrli o‘rinlar;
  • Xalqaro biologia fan olimpiadasi (2024) – 2-o‘rin;
  • Rossiya “Talantlari” xalqaro tanlovi (2023) – 1-o‘rin;
  • Xalqaro qishloq xo‘jaligi iqtisodi fan olimpiadasi (2024) – 2-o‘rin;
  • “Eurasian Journal of Medical and Natural Sciences” xalqaro jurnalida maqolalari uchun mualliflik guvohnomalari.

Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan “Golubika ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyasi” dasturi uchun guvohnomaga ega bo‘lgan.

Ilmiy faoliyat va innovatsiyalar

Sobira opa o‘z faoliyatini aniq maqsad bilan davom ettirmoqda: qishloq xo‘jaligida innovatsion rivojlanish.

Uning ishtirokida bajarilgan yirik loyihalar:

  • “Landshaft dizayn uchun mavsumiy gullovchi butalar asosida ona kolleksiya yaratish” (2015–2017);
  • “Orolbo‘yi hududida sharq jiydasi asosida ona plantatsiya yaratish” (2017–2018);
  • “Pavloniya daraxtining manzaraviyligi va ko‘paytirish texnologiyasi” (2019–2020);
  • Hozirda esa “Dovvud buddleya va Sezapiniya ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyasi” bo‘yicha PhD tadqiqot ishini olib bormoqda.

Uning ilmiy ishlari nafaqat laboratoriya darajasida, balki amaliyotga tatbiq etiladigan loyihalarga aylangan.

Hayotiy qadriyatlari va shiori

Sobira opaning fikricha, liderlikning asosi — mas’uliyat va halollik.

“Berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalan va qadriga yet.”

Bu uning hayotiy shiori. U uchun lider — boshqaruvchi emas, balki boshqalarga ibrat bo‘lib, jamiyat ishonchini qozona oladigan inson.

Maqsadlari va orzulari

Sobira opa kelajakda PhD darajasini muvaffaqiyatli himoya qilib, o‘z sohasida yetuk olima bo‘lishni niyat qilgan. U qishloq xo‘jaligida yangi seleksiya yo‘nalishlarini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tadbiq etish, shuningdek, yosh qizlarni ilm-fanga jalb qilishni orzu qiladi.

Shuningdek, uning shaxsiy maqsadlaridan biri — ilm-fan orqali O‘zbekistonni xalqaro miqyosda munosib tanitish va yosh olimalar uchun yo‘l ochish.

Ilm va ijod uyg‘unligi

Sobira opa ilmiy faoliyat bilan birga ijodga ham mehr qo‘yadi. Bo‘sh vaqtida rassomlik, karving san’ati, chet tillarini o‘rganish va kitob mutolaasi bilan shug‘ullanadi. Ingliz va turk tillarida erkin muloqot qila oladi, arab tilini ham o‘rganmoqda. IT texnologiyalaridan samarali foydalana olishi esa uning tadqiqot va ta’lim jarayonida katta yordam bermoqda.

Yoshlar uchun saboq

Sobira Mamadaliyeva yosh avlodga shunday murojaat qiladi:

“Hech qachon taslim bo‘lmang. Har bir imkoniyatning qadriga yeting, izlanishdan to‘xtamang va xatolardan qo‘rqmang. Chunki har bir xato sizni kuchliroq va tajribaliroq qiladi.”

Bugun u o‘zining yutuqlari va qat’iyati bilan shuni isbotlamoqda: ilm-fan va mehnatni uyg‘unlashtirgan ayol — jamiyat taraqqiyotining tayanchi.

Hoziroq ariza qoldirish