ENDI BIZDA JURNAL BOR
O'ZBEKISTON LIDER YOSHLARI ENSIKLOPEDIYASI

OTAKUZIYEVA SEVINCH ALIJON QIZI

Otakuziyeva Sevinch — izlanishdan to‘xtamagan va marrani baland olgan yosh lider
Tug‘ilgan sana: 28-yanvar 2003-yil
Tug‘ilgan joyi: Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumani, Katta Chek qishlog‘i
Ta’lim: Namangan davlat universiteti, Ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishi, bakalavr

Boshlangan yo‘l va ilk yetakchilik saboqlari

Sevinchning faoliyatga kirib kelishi maktab davridayoq boshlandi. U “Kamalak” sardori sifatida o‘z tengdoshlarini birlashtira oldi, keyinchalik esa “Yoshlar ittifoqi” sardori sifatida faoliyatini davom ettirdi. Biroq uning yetakchilik yo‘li faqat shu bilan cheklanib qolmadi — bugun u xalqaro volontyor sifatida UNICEF, U-report, UVA (O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi) kabi nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, u eko-volontyor, eko-mentor, respublika eko-koordinatori sifatida turli ekologik loyihalarda yetakchilik qilmoqda. Namangan viloyati bo‘yicha eko-mentor sifatida yoshlarni tabiatga mehr qo‘yishga, uni asrab-avaylashga undamoqda.

Ilm va mehnat samaralari

Sevinchning faoliyati bugun respublika va xalqaro darajada keng tan olingan. U “Respublika eko-turizm va suv — bu obihayot” tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan, ko‘plab konferensiya va forumlarda ishtirok etib, dolzarb mavzularda taqdimotlar qilgan. Farg‘onada o‘tkazilgan global eko-konferensiya, Jizzaxning Zominida o‘tgan eko-forum, turli ilmiy-amaliy anjumanlardagi qatnashuvi buning isbotidir.
Bugungi kunga qadar 10 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Nemis nashriyoti LAMBERT Academic Publishing tomonidan uning ilk kitobi — “Let’s Learn English by Games” chop etilgani esa yosh olimaning ilmiy izlanishlari samaradorligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, u ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun medal, “Taraqqiyot bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.

Ilhom manbai va oila maktabi

Sevinchning hayotidagi eng katta turtki va ilhom manbai — ota-onasi. Otasi, professor va oliy toifali shifokor Jorayev Alijon Atakuziyevich o‘z ilmiy ishlari, tibbiyotdagi xizmatlari bilan el-yurt e’tirofiga sazovor bo‘lgan, Prezident tomonidan ham taqdirlangan. Onasi — oliy toifali pedagog Abdurazzoqova Umidaxon Sobirjonovna esa ta’lim sohasi orqali yuzlab yoshlarning qalbiga ilm va ma’rifat nurini yoygan. Ana shu ilmiy va ma’naviy meros Sevinchning hayot yo‘lini tanlashida asosiy omil bo‘ldi.

Shior va hayotiy falsafa

Sevinchning hayotiy shiori qisqa, ammo mazmunli:
“Bugun orzularing uchun bir qadam tashla! Har kuni kichik harakat — katta natija demakdir.”
Uning nazarida, inson har kuni o‘z ustida ishlashi, izlanishdan to‘xtamasligi lozim. Zero, vaqt o‘tgan sayin shu kichik qadamlar katta marralarga olib boradi.

Orzular sari intilish

Kelajakda Sevinch ingliz tili bo‘yicha professor, PhD ilmiy darajasiga ega bo‘lishni, universitet, elchixona va xalqaro tashkilotlarda, jumladan BMTda ham faoliyat yuritishni maqsad qilgan. Bu orzusi yo‘lida u til o‘rganadi, kitob mutolaa qiladi, ilmiy loyihalarda qatnashadi, izlanadi va doimo o‘zini yangi imkoniyatlar sari yetaklaydi.

Hayotiy saboq

Bugun u tengdoshlariga bir haqiqatni eslatadi:
“Har kuni kichik-kichik harakat qiling, vaqti-soati yetganda bu harakatlaringiz sizni kutilmagan darajada katta natijalarga olib keladi. Shuning uchun marrani ham, maqsadni ham katta oling!”