ABDUXAKIMOV SHOHRUH ABROROVICH
Abduxakimov Shohruh Abrorjon o‘g‘li 2007-yil 1-avgustda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashaydi. U Samarqand viloyatidagi 18-ixtisoslashgan umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirgan va hozirda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 2-kurs talabasi.
U axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar (PR) sohasida tahsil oladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti xodimi, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi, universitetning PR va menejment fakultetida bosh koordinator hamda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi. U faoliyatini faqat bir soha bilan cheklamaydi, turli sohalarga qiziqadi va ko‘nikmalarini oshirib boradi. Otasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi va bergan tarbiyasi sabab u 12–13 yoshidan pul topishni hamda qiziqishlarini shakllantirishni boshlagan.
U 1-sinfdanoq faolligi tufayli maqtov va faxriy yorliqlarga erisha boshlagan. Turli tadbir va tanlovlarda boshlovchi bo‘lgan, yoshligidan lider va sardor sifatida faoliyat yuritgan. Olimpiadalarda qatnashib, tuman va viloyatlarda faxrli o‘rinlarni egallagan. «Qo‘mondon kubogi» musobaqalarida faxrli 1- va 2-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan hamda AK-74 qurolini sochish bo‘yicha 4,67 sekundlik shaxsiy rekord o‘rnatgan. 2024-yilda Mudofaa vazirligi huzuridagi «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tanlovida imtiyoz va ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan.
Universitetda o‘tkazilgan «Dekan kubogi», «Xalqaro talabalar kuni» hamda «Ozod Sharafiddinov nigohida zamon va adabiyot» tanlovlarining universitet bosqichida g‘oliblar safidan joy olgan. Universitet sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallab kelgan. 2026-yil 14-yanvarda «Vatan himoyachilari kuni» munosabati bilan tashkil etilgan yigitlar o‘rtasidagi og‘ir atletika musobaqasida 1-o‘rinni egallagan. «Dekan kubogi»ning voleybol va futbol musobaqalarida o‘z jamoasi bilan qatnashib, 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025-yilda tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi»ning universitet saralash bosqichida yengil atletika turidan 1-o‘rinni egallab, hududiy bosqichga yo‘l olgan. Ustozlari bilan tayyorgarlik ko‘rib, hududiy bosqichda ham 1-o‘rinni egallagan va respublika bosqichiga yo‘l olgan. Respublika bosqichida universitet hamda Toshkent shahri nomidan ishtirok etib, qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlangan. Hozirgacha uning 5 ga yaqin publitsistik maqolasi tuman va viloyat gazetalarida chop etilgan bo‘lib, ular, asosan, Ozod Sharafiddinovning hayoti va ijodi hamda hozirgi zamon yoshlari bilan bog‘liq.
Uning hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan inson otasidir. Otasi unga qat’iyat, mas’uliyat va hayotiy ko‘nikmalarni o‘rgatib, har qanday holatga tayyorlagan. U tafakkur qila oladigan inson voqealardan kuch va saboq olib, yanada chidamli bo‘lib borishiga ishonadi.
Uning hayotiy prinsiplaridan biri doimo yaxshi inson bo‘lish, hammaga yordam qo‘lini cho‘zish va katta-kichik, chiroyli-xunuk, boy-kambag‘al bo‘lishidan qat’i nazar, hammaga samimiy hamda muomalali munosabatda bo‘lishdir. Bo‘sh vaqtida yangi ko‘nikmalarni o‘rganadi, o‘z ustida ishlaydi va sport bilan shug‘ullanadi. Uning fikricha, lider uchun chidamlilik, sabrlilik, jamoaviy ishlash, aloqani ta’minlash, muomalalilik, barchani hurmat qilish va bilmaganlarga ko‘nikmalarni o‘rgatish muhimdir.
U jamiyatda o‘z o‘rnini topib, xalqqa manfaat keltiradigan foydali va yaxshi inson bo‘lishni, vazir, deputat yoki prezident bo‘lishni hamda insonlarga eng yaxshisini taqdim etishni oliy maqsad deb biladi. U o‘zini yaxshi do‘st deb hisoblaydi, atrofida yuksalish va o‘sishni xohlaydigan insonlar yig‘ilishini istaydi, kimgadir yordam berish va o‘rgatishdan qochmaydi. Uning shakllanayotgan shiori: «Hayotning barcha sohalarida uyg‘unlikka intiling».
