Asatullayeva Goʻzal Sirojiddin qizi
Asatullayeva Goʻzal Sirojiddin qizi 2002-yil 9-oktabrda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida tug‘ilgan va hozirda shu tumanda yashaydi. U 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagan, Abu Ali Ibn Sino jamoat salomatligi texnikumini tugatgan. Hozirda Jizzax davlat pedagogika universitetining Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishi 2-kurs talabasi.
U 2025-yilda universitetga hujjat topshirib, o‘qishga qabul qilingan. Kelajakda rangtasvir va chizmachilik fanlaridan dars berishni rejalashtirgan. O‘zini juda faol va tirishqoq talabalardan biri deb hisoblaydi.
Goʻzal Asatullayeva ko‘plab tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. Respublika miqyosida bitta 3-o‘rinni egallagan. Viloyat bo‘yicha 2 ta birinchi o‘rinni hamda 2 ta 43-li televizorni qo‘lga kiritgan. Universitet miqyosida bitta 1-o‘rin, 2 ta 2-o‘rin va bitta 3-o‘rinni olgan. Rasm chizish musobaqasi hamda kitobxonlik tanlovlarida 2 ta 3-o‘rin va 1 ta 2-o‘rinni egallagan. U 20 dan ortiq sertifikat va tashakkurnoma olgan, forumlar, ko‘rgazmalar va katta tanlovlarda ishtirok etgan, shuningdek, ko‘plab pul mukofotlarini yutib olgan.
Uning hayotiga turtki bergan shaxs — o‘zi. U o‘z yo‘lini topishga, sevgan sohasining kasb egasi bo‘lishga intilgani, tinimsiz harakat qilgani va yiqilsa ham yana o‘rnidan turib, harakatdan to‘xtamagani tufayli shu darajaga yetib kelganini ta’kidlaydi. Uning shiori: “Mehnat va harakat har doim natijasini ko‘rsatadi. Har doim olg‘a qadam tashlash kerak, maqsadni katta ol va harakatdan to‘xtama.”
Bo‘sh vaqtida u har xil yo‘nalishdagi rasmlar chizadi, kitob o‘qiydi, oilasi va farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. U yolg‘iz qolib ijod qilishni va yaratgan asariga qarab zavqlanishni yoqtiradi; o‘zini sirli, kamgap, ochiqko‘ngil va samimiy inson deb ta’riflaydi.
Kelajakda u ilm yo‘lidan borishni, bakalavr bosqichini qizil diplom bilan bitirishni, nomdor stipendiyalar va Prezident stipendiyalarini olishni, magistratura hamda doktoranturada o‘qib ilmiy ish qilishni, shaxsiy ko‘rgazmalarini ochishni rejalashtirgan. Uning fikricha, lider aniq prinsip va maqsadlarga ega, ularga erishish uchun harakat qiladigan, har tomonlama namuna bo‘la oladigan va kuchli irodali shaxs bo‘lishi kerak. U boshqalar undan har doim harakatda bo‘lishni, o‘zi to‘g‘ri deb bilgan ishni qilishni va bundan zavq olishni, farzand tarbiyasi bilan o‘qishni birdek olib borishni o‘rganishlari mumkinligini aytadi.
