Halimova Mehrangiz Abdumajid qizi
Halimova Mehrangiz Abdumajid qizi 2002-yil 16-martda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. U hozirda Buxoro viloyati, Buxoro shahrida yashaydi. Buxoro davlat universitetida tahsil olgan Mehrangiz magistr darajasiga ega va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritadi.
U faoliyatini 2022-yilda Buxoro davlat universitetida kabinet mudiri lavozimida, 4-kurs bakalavr talabasi sifatida boshlagan. U maktabni oltin medal bilan tamomlagan, bakalavriatni imtiyozli diplom bilan, magistraturani esa a’lo baholarda bitirgan.
Mehrangiz axborot texnologiyalari bo‘yicha ko‘plab seminarlarda ishtirok etgan, 10 dan ortiq maqola muallifi hisoblanadi. Uning maqolasi Scopus konferensiyasida ham chop etilgan. Shuningdek, uning monografiyasi va dasturiy guvohnomalari mavjud. U turk tilidan B2 darajadagi milliy sertifikatga ega. U Innoweekwomen 2025 ishtirokchisi, Robosmart.uz milliy loyihasi ishtirokchisi, robototexnika bo‘yicha mutaxassis hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofotining Buxoro shahar bosqichi g‘olibasidir.
U maktabda 4 yil davomida Yoshlar ittifoqi maktab sardori, universitetda esa 3 yil davomida fakultet Yoshlar ittifoqi yetakchisi bo‘lgan. Uning oila a’zolari uni doimo o‘qishida qo‘llab-quvvatlagan. Otasi u 15 yoshida olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, onasi akasini, Mehrangizni va ukasini o‘qitgan. Bobosi fizika kursi o‘qituvchisi bo‘lib, ularni doimo o‘qishga mehr bilan ulg‘aytirgan. Turmush o‘rtog‘i ham uning o‘zi kabi lider yoshlardan.
Bo‘sh vaqtida u o‘z ustida ishlaydi, oilasi va farzandlariga qaraydi, pazandalik bilan shug‘ullanadi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat — avvalo o‘ziga ishonch. U oila, ish, o‘qish va o‘z ustida ishlashni bir vaqtda amalga oshirish mumkinligini o‘z hayoti bilan namoyon etadi.
Mehrangiz kelajakda PhD, DSC, professor va akademik darajalarigacha erishishni, o‘zidan keyingi avlodga bilim qoldirishni maqsad qilgan. Uning hayotiy shiori: «Ilmdan ko‘ngilga bir shu’la tushgan on, shunda bilursanki, ilm bepoyon!»
