Isomiddinova Parvina
Isomiddinova Parvina Nuraliyevna 2007-yil 7-dekabrda Buxoro tumanida tug‘ilgan. U Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Arabxona MFYda yashaydi. Hozirda Buxoro davlat pedagogika institutining Xorijiy til va adabiyoti fakulteti 2-bosqich talabasi.
Parvina maktab davridan faol o‘quvchilardan biri sifatida turli fan olimpiadalari, tanlovlar, tadbirlar va bellashuvlarda qatnashib kelgan. U maktab yillarida sinflar o‘rtasida maroqli estafetalar, turli tanlovlar va tadbirlarni tashkil etishda tashabbus ko‘rsatgan, kichik sinf o‘quvchilarini loyihalar va tadbirlarga jalb qilishga alohida e’tibor bergan. U har bir bolaning o‘ziga xos qobiliyati borligiga va imkoniyat berilsa, o‘z iste’dodini namoyon qila olishiga ishonadi.
U ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi natijasida IELTS imtihonidan 6.5 ball olgan hamda turli milliy sertifikatlarga ega. Shuningdek, u jamoa bilan ishlash, volontyorlik qilish va yangi g‘oyalarni amalga oshirish orqali tajriba orttirgan. Ota-onasi uning hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan insonlar hisoblanadi. Tashabbus bilan biror ishni tashkil etib, uning natijasini ko‘rgan jarayonlar esa unda o‘z kuchiga ishonch, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish va boshqalarni yaxshi maqsad sari ergashtirish ko‘nikmalarini shakllantirgan.
Bo‘sh vaqtida Parvina yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganadi, ingliz tili ustida ishlaydi, ta’lim sohasiga oid ma’lumotlar bilan tanishadi hamda kelajakdagi faoliyati uchun yangi g‘oyalar izlaydi. U rassomchilik bilan shug‘ullanishni ham yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari, biznes va startap g‘oyalari haqida o‘ylab, ularni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganadi hamda ijtimoiy tarmoqlarda ta’lim va biznesga oid foydali kontentlarni kuzatadi.
Uning kelajakdagi maqsadi ta’lim sohasida o‘z o‘rnini topib, bilimli, zamonaviy fikrlaydigan va yoshlar rivojiga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘lishdir. U yoshlarning bilim olishi, o‘z qobiliyatlarini kashf etishi va katta maqsadlar sari intilishiga hissa qo‘shishni istaydi. Shu bilan birga, Parvina tadbirkorlik sohasidagi qiziqishlarini rivojlantirib, xayolidagi biznes va startap g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirishni rejalashtirgan. U 10–15 yil ichida o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yib, boshqalar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishni xohlaydi.
U xalqaro tajriba va zamonaviy bilimlarni egallash, ingliz tilini yanada rivojlantirish, turli loyihalarda qatnashish hamda o‘z ustida doimiy ishlash niyatida. Uning hayotiy prinsipi: “Men uchun muvaffaqiyat — manzil emas, balki har kuni kechagidan yaxshiroq bo‘lishga intilishdir.”
