Keldiyorova Xumora Jamoliddin qizi

Keldiyorova Xumora Jamoliddin qizi
Keldiyorova Xumora Jamoliddin qizi
9 sentabr, 20262 daqiqalik o'qish

Keldiyorova Xumora Jamoliddin qizi 2005-yil 27-yanvarda Samarqand viloyati Nurobod tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashaydi. U Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi bitiruvchisi bo‘lib, hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 4-kursida o‘zbek tili va adabiyoti ta’limi yo‘nalishida tahsil oladi.

Xumora bolaligidan lider bo‘lishni va loyihalarda faoliyat yuritishni xohlagan. U 6-sinfda “Kamalak” bolalar tashkilotiga qo‘shilib, sardorlik faoliyatini boshlagan hamda turli loyihalarni amalga oshirgan. Keyinchalik Yoshlar ittifoqi jamoasiga qo‘shilib, Samarqand viloyati Nurobod tumani sardorlari safidan joy olgan. Talabalik davrida ham faoliyatini davom ettirib, universitet lider talabalari safidan joy olgan va hozirgacha talabalar uchun loyihalar amalga oshirib kelmoqda.

U turli loyihalarda faol tashkilotchi sifatida faoliyat yuritadi. Xumora “Sefer” kitobxonlik loyihasi, “Qizlarjon” klubi va “Karyera TSUULL” klubi rahbari. Shuningdek, bir qancha loyihalarda volontyor sifatida ishlaydi. U “Biz bilan bir safda bo‘l” loyihasi muallifi, “Sefer” kitobxonlik loyihasi tashkilotchisi hamda Yoshlar ishlari agentligi loyihalari volontyoridir. Shahnoza Mirziyoyeva tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirib kelinayotgan “Xotira nuri” kitobini shakllantiruvchilar qatorida ham qatnashgan.

Uning yutuqlari orasida “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichidagi 3-o‘rin, “Eng namunali tuman sardorlari” tanlovining respublika bosqichidagi ishtirok, “Yil sardori–2020” tanlovining viloyat bosqichidagi ishtirok hamda “Yurtim qadriyatlari” jamoaviy tanlovining respublika bosqichidagi faxrli 3-o‘rin bor.

Xumora hayotiga ota-onasi katta ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlaydi. Ularning doimiy qo‘llab-quvvatlashi, ishonchi va ta’lim olishi uchun yaratgan sharoitlari uning intilishlariga kuch bag‘ishlaydi. U Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan shijoat olib, yanada shaxdam qadamlar bilan oldinga intilmoqda.

Uning hayotiy prinsipi — ilm olishdan to‘xtamaslik, doim oldinga harakat qilish va har qanday vaziyatda ham o‘zligini unutmaslik. U bo‘sh vaqtlarida kitob o‘qiydi, rasm chizadi, audio she’rlar yozadi, yoshlar bilan ishlaydi va “Zakovat”da ishtirok etadi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat — o‘ziga bo‘lgan ishonch. U liderlikni tug‘ma qobiliyat deb hisoblaydi.

U 2-kursligidan ish faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida boshlagan va hozirgacha ish tajribasini oshirib kelmoqda. Kelajakda faoliyatini bevosita ta’lim sohasida boshlash, ilmiy unvonlar olish, xotin-qizlar faoliyati bilan shug‘ullanish hamda barchaga yordami tegadigan olima bo‘lishni maqsad qilgan.

Hoziroq ariza qoldirish