Mirjalolova Muazzamxon Mirjalil qizi

Mirjalolova Muazzamxon Mirjalil qizi
Mirjalolova Muazzamxon Mirjalil qizi
14 sentabr, 20262 daqiqalik o'qish

Mirjalolova Muazzamxon Mirjalil qizi 2004-yil 27-mayda Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida tug‘ilgan. U Namangan viloyati, Kosonsoy tumani, Qo‘qumboy MFYda yashaydi. Tugallanmagan oliy ma’lumotga ega bo‘lib, 2023-yildan beri Namangan Davlat Texnika Universitetining Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar) yo‘nalishida tahsil oladi.

Muazzamxon 2018-yildan an’anaviy taekvondo (ITF) sport turi bilan shug‘ullanadi. U 2019-yilda “Open Asian Championship and Cup” musobaqasining sparring bahsida faxrli 1-o‘rinni, tul bahslarida esa 3-o‘rinni egallagan. 2023-yilda “Asian Cup” musobaqasining tul bahslarida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2024-yilda “Eurasian Open Youth Cup” xalqaro musobaqasida 50 kg vazn toifasida 1-o‘rinni egallagan. 2025-yilda an’anaviy taekvondo ITF turi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo kubogi musobaqasida g‘olib bo‘lgan.

2023-yildan ustozı Rashidov Rahmatullo A’lojonovichning ko‘magi bilan ilmiy faoliyatini yo‘lga qo‘yib, xalqaro va mahalliy konferensiyalar hamda jurnallarda tezis va maqolalarini chop ettira boshlagan. Shu yili ilk maqola va tezisini chop ettirgan. Ilmiy faoliyati davomida 30 ga yaqin ilmiy maqola va tezis, 3 ta monografiya hamda “Iqtisodiy ta’limotlar tarixi” fanidan o‘quv qo‘llanma ustida ishlagan. 2024-yildan innovatsion loyihalar va startaplarga qiziqa boshlagan.

U 2024-yilda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil qilingan “Yil talabasi-2024” tanlovining “Yilning eng faol sportchi talabasi” nominatsiyasi institut bosqichi g‘olibi va respublika bosqichi ishtirokchisi bo‘lgan. 2025-yilda Namangan Davlat Texnika Universiteti miqyosida o‘tkazilgan “InnoStudent-2025” innovatsion g‘oyalar tanlovida 2-o‘rin sovrindori bo‘lgan. Shu yili respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yosh muhandis” tanlovining final bosqichida ishtirok etgan hamda “Menda g‘oya bor” tanlovi g‘oliblari qatoridan joy olgan. 2025-yilda “Yil talabasi-2025” tanlovining “Yilning eng faol sportchi talabasi” nominatsiyasi universitet bosqichi g‘olibi va respublika bosqichi ishtirokchisi bo‘lgan. U 2025–2026-o‘quv yili uchun mo‘ljallangan “Navoiy” nomli davlat stipendiyasi sohibasi hisoblanadi. 2026-yil fevral oyida “Iqtisodiyot nazariyasi” fanidan Xalqaro olimpiadada 1-o‘rinni egallagan, 2026-yilda “Mirzo Ulug‘bek” Respublika ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi g‘olibi bo‘lgan. Ingliz tilidan Multilevel B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan.

Uning sportga kirib kelishiga Mirshokir akasi sabab bo‘lgan. Iqtisodiyot sohasiga qiziqishi Mirshohid akasi sababli shakllangan, ilmiy faoliyatga qiziqishi esa ilmiy rahbari professor R.A. Rashidovning yo‘l-yo‘riqlari va qo‘llab-quvvatlashi orqali rivojlangan. Innovatsiya va startaplarga qiziqishi koordinatori Shoxjahon Sultanov bergan imkoniyatlar va motivatsiya orqali uyg‘ongan. Ota-onasi va oilasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi unga qiyinchiliklarda taslim bo‘lmaslikni, intizomli bo‘lishni hamda o‘z ustida doimiy ishlashni o‘rgatgan.

Bo‘sh vaqtlarida kitob mutolaasi, IT va til o‘rganish bilan shug‘ullanadi. U liderlikdagi eng muhim fazilat deb mas’uliyatni biladi. Kelajakda ta’limini davom ettirib, xorijda, xususan, Koreyada magistratura bosqichida tahsil olishni, ilmiy faoliyatini rivojlantirishni va innovatsion loyihalar ustida ishlashni rejalashtirgan. U xalqi va jamiyati uchun foydali loyihalarni amalga oshirishni, o‘z sohasida yetuk mutaxassis hamda yoshlarni ilhomlantira oladigan, ularga imkoniyat yaratishga hissa qo‘shadigan lider bo‘lishni maqsad qilgan.

Hoziroq ariza qoldirish