Panjiyeva Maftuna Otabek qizi
Panjiyeva Maftuna Otabek qizi 2006-yil 23-oktabrda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri Olmazor tumanida yashaydi va O‘zbekiston Milliy universitetida Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili yo‘nalishida tahsil oladi.
U viloyat va respublika olimpiadalarida ishtirok etib, yaxshi natijalarni qayd etgan. Tuman Yoshlar ittifoqi yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgan hamda hozirda universitetdagi barcha tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. U maktabni oltin medal bilan tamomlagan. Ona tili fanidan viloyat olimpiadasida faxrli birinchi, ayrim hollarda esa uchinchi o‘rinlarni egallagan va respublika olimpiadasigacha yetib borgan. Shuningdek, universitetdagi «Zakovat» o‘yinlarida jamoasi bilan ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Maftuna faoliyatini ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi sabab dastlab o‘quv markazlarida bolalarga ingliz tilidan dars berishdan boshlagan. Ushbu tajriba unda ingliz tili yo‘nalishi va pedagogikaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirgan. U tanlagan sohasini o‘z hayot yo‘li deb biladi.
Uning hayotiga eng muhim ta’sir ko‘rsatgan shaxslardan biri — unga ilk bor ingliz tilidan dars bergan Dilnoza ustozdir. Ustozining darslarga chuqur yondashishi, o‘quvchilar bilan munosabati va ularni qo‘llab-quvvatlay olishi Maftunaning shu sohani tanlashiga sabab bo‘lgan. U Dilnoza ustozdan o‘z ustida sabr bilan ishlashni, tinmasdan o‘rganishni va o‘qib tushunishni o‘rganganini aytadi.
U bo‘sh vaqtida hayotga va shaxsiy hayotiga oid mavzularda she’rlar yozadi. Turli badiiy, ayniqsa tarixiy kitoblarni o‘qishni, shuningdek, o‘zi va oilasi uchun pazandachilik bilan shug‘ullanishni yoqtiradi.
Maftunaning hayotiy prinsipi — xato to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishidan qat’i nazar, unga tajriba sifatida qarashdir. Uning fikricha, xatolar insonni kuchliroq qiladi, ko‘nikishga o‘rgatadi va keyingi ishlar uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Kelajakda u o‘z kasbining mohir ustasi, o‘z sohasi yetakchilaridan biri bo‘lishni, yurt rivojlanishi va yuksalishiga hissa qo‘shishni hamda o‘z sohasidan tashqari biznes rejalar bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.
Uning o‘ziga xos tomoni — har qanday vaziyatda avvalo uning salbiy jihatlari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulay oqibatlari haqida o‘ylashidir. U bu yondashuvdan o‘ziga kuch olishini aytadi.
