Rashidova Jasmina Bahodir Qizi

Rashidova Jasmina Bahodir Qizi
Rashidova Jasmina Bahodir Qizi
18 sentabr, 20262 daqiqalik o'qish

Jasmina Rashidova Bahodir qizi 2008-yil 23-noyabrda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashaydi.

U 2015-yilda maktab ostonasiga ilk qadamini qo‘ygan. 74-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 11 yil davomida ta’lim olib, uni oltin medal bilan tamomlagan. Hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 1-kurs talabasi bo‘lib, ushbu oliygohda grant asosida tahsil olmoqda.

Jasmina 8-sinfdan buyon fan olimpiadalarida qatnashib, ingliz tili yo‘nalishida 1–2-o‘rinlarni qo‘lga kiritib keladi. U she’r hamda maqolashunoslik bilan ham shug‘ullanadi. Shu paytgacha o‘z muallifligida 11 dan ortiq maqolasi Amerika, Argentina va Hindistonning xalqaro sayt hamda jurnallarida chop etilgan.

2024–2025-yillarda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovining viloyat bosqichiga tavsiya etilgan. Shu yillarda tashkil etilgan “Boshqarma boshlig‘i IELTS granti”, “Fan olimpiadasi” va “Kelajak liderlari granti” grant tanlovlarida ishtirok etib, grant o‘rinlarini qo‘lga kiritgan. 2025-yilda o‘tkazilgan “Leaders Of Tomorrow” hamda AQSH hukumati tomonidan o‘tkazilgan “CAMLP” xalqaro almashinuv dasturiga qabul qilingan. Shuningdek, 50 dan ziyod xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan hamda lbrat Debate loyihasida ikki karra “The best debater” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan.

2026-yilda tarix fanidan A, ingliz tilidan C1, ona tilidan B+ va matematikadan C darajalarini qo‘lga kiritib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga muddatidan avval talaba bo‘lgan. U ikki yarim yillik tajribaga ega ingliz tili ustozasi sifatida 10-sinfga o‘tishi bilan onlayn va oflayn faoliyatini boshlagan. Shu paytgacha mingdan ziyod o‘quvchini o‘qitgan.

Jasmina 2025-yildan beri “PixelArt” nomi ostida shaxsiy loyihasini yuritadi. Ushbu loyiha doirasida ko‘plab qiziquvchan o‘quvchi va talaba yoshlarning maqolalari Amerika, Argentina va Hindistonning xalqaro sayt hamda jurnallarida chop etilishiga hissa qo‘shgan.

Uning hayotida oilasi muhim o‘rin tutadi. Muvaffaqiyatsizlik yoki tushkunlik paytida otasining “Faqat olg‘a. To‘xtama. Qilichdek o‘tkir bo‘l”, onasining esa “Qizim, sen o‘qib, bizga dunyoni ko‘rsatishga sababchi bo‘lishing kerak” degan so‘zlari unga katta turtki beradi. Ikki akasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi va ilm olishiga yordamini hayotdagi haqiqiy “lotoreyasi” deb biladi.

Bo‘sh vaqtida til o‘rganish, ovoz sozlash mashqlari, turli onlayn va oflayn tadbirlarda qatnashish hamda yugurish musobaqalarida ishtirok etishni sevadi. U tashabbuskorlik, chiqishuvchanlik va izlanishga intilishni o‘ziga xos fazilatlari deb hisoblaydi. Uning fikricha, haqiqiy lider o‘z ustida muntazam ishlashi, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, hissiyotlaridan ko‘ra aqliga tayanishi va eng to‘g‘ri qarorni qabul qila olishi kerak.

Kelajakda JIDU universitetida tahsil olish davomida grant asosida turli xalqaro tanlov, konferensiya va tadbirlarda qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritishni, magistratura bosqichida esa Stanford universitetida o‘qishni maqsad qilgan.

Uning hayotiy prinsipi: “O‘zingizga ishoning — dunyo sizning imkoniyatlaringizni hali to‘liq kashf etmagan. Har bir mashaqqat ortida sizni kutayotgan buyuk kelajak bor.”

Hoziroq ariza qoldirish