Turgʻunova Zilola Voxidjon qizi
Turgʻunova Zilola Voxidjon qizi 1995-yil 6-fevralda Namangan viloyati Chortoq tumanida tugʻilgan. Hozirda Namangan viloyati Davlatobod tumanida yashaydi. U Namangan davlat universitetining matematika yoʻnalishida, shuningdek, OʻzMUning seysmologiya va seysmometriya magistratura yoʻnalishida tahsil olgan.
U faoliyatini 2017-yilda Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 10-sonli maktabda matematika va informatika oʻqituvchisi sifatida boshlagan. Hozirda Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish markazi davlat muassasasida ish yurituvchi kotiba bo‘lib ishlaydi. Shu bilan birga, Namangan davlat pedagogika institutining mustaqil tadqiqotchisi. Uning asl kasbi — oʻqituvchi.
U mental arifmetika boʻyicha sertifikatlarga ega, “7 avlod sammiti”da, ko‘plab tanlov va konferensiyalarda ishtirok etgan. Maqolalari chop etilgan. Eng soʻnggi ishtirok etgan tadbiri — “Yosh seysmologlar maktabi”. Akademik Oʻtkir Roziqovning “Matematika va turmush” kitobini oʻqigach, magistraturada mutaxassisligini boshqa soha boʻyicha davom ettirgan.
Boʻsh vaqtida kitob oʻqiydi, egizak farzandlari bilan ko‘proq vaqt oʻtkazishga va ular bilan shugʻullanishga harakat qiladi. Shuningdek, ilmiy ishi boʻyicha izlanadi. U tortinchoq bo‘lsa-da, odamlar bilan yaxshi chiqishib ketadi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat — halollik. U tanlagan yoʻnalishi boʻyicha yetuk kadr boʻlishni maqsad qilgan va o‘zi ko‘proq boshqalardan oʻrganishi kerak, deb hisoblaydi. U qachondir ayrim narsalarga duo qilganini eslaydi hamda hozirgi barcha neʼmatlari uchun shukr deydi.
“ Hech kimning hayotiga havas qilib yashamang. Har kimning o‘z sinovi, o‘z vaqti bor. O‘zingizga ishoning, sekin bo‘lsa ham oldinga yuravering — mehnat qilgan odamning kuni albatta keladi.”
