Yaxshiboyeva Rayhona Isroil qizi
Yaxshiboyeva Rayhona Isroil qizi 2008-yil 6-martda tug‘ilgan. U Jizzax viloyati, Jizzax shahrida yashaydi. Rayhona Jizzax davlat pedagogika universitetining bakalavriat bosqichi 1-kursida “Xorijiy til va adabiyot: xitoy tili” yo‘nalishida tahsil oladi.
U faoliyatini 2024-yildan ingliz tilini o‘rganishdan boshlagan. Ingliz tiliga qiziqishining asosiy sababi kelajakda Xorijiy tillar fakultetida tahsil olish, bir nechta xorijiy tillarni o‘rganish, shu tillarda so‘zlashuvchi xalqlarning madaniyati va dunyoqarashini yaqindan o‘rganish hamda kelajakda ushbu davlatlarga borib, O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib qilish istagi bo‘lgan. Dastlab u yangi so‘zlarni yodlash, grammatikani tushunish va muntazam shug‘ullanishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Shunga qaramay, u kichik natijalarini qadrlab, bosqichma-bosqich davom etgan. Hozirda Rayhona ingliz tilidan B1 darajaga ega bo‘lib, ingliz tilidagi bilimlarini mustahkamlash, darajasini oshirish va yangi tillarni o‘rganish ustida ishlamoqda.
Bu qiziqish uni oliy ta’limga intilishga undagan va u 2026-yilda Jizzax davlat pedagogika universitetining “Xorijiy til va adabiyot: xitoy tili” yo‘nalishiga talaba bo‘lgan. Hozirda u xitoy tilini o‘rganish bilan birga, o‘z ustida ishlashga, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashga harakat qilmoqda.
Rayhona huquq fanidan 2 marotaba fan olimpiadasida ishtirok etgan. Shuningdek, u ona tili va ingliz tili fanlaridan sertifikatlarga ega.
Uning til o‘rganish yo‘liga maktabdagi ilk ingliz tili ustozisi Feruz opa hamda doimo yo‘l ko‘rsatib, rivojlanishiga sabab bo‘lgan Nozima opa katta ta’sir ko‘rsatgan. Feruz opaning darslari orqali unda ingliz tiliga ilk qiziqish uyg‘ongan. Nozima opaning bilimlari, mehnati va o‘z ustida ishlashiga havas qilib, Rayhona ham shunday darajaga yetishni orzu qilgan. Ularning motivatsiyasi uni 2024-yildan ingliz tilini jiddiy o‘rganishga undagan.
Uni ilhomlantiradigan hayotiy prinsip — “Aynan hozir qilayotgan ishing eng muhim ishdek harakat qil” (“Now is the most important time. Just dedicate yourself to now.”). Bu fikrga NVIDIA rahbari Jensen Huangning ishga bo‘lgan yondashuvi ham ta’sir qilgan. Rayhona har bir ishni bor e’tibori bilan bajarishga, qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilishga va doimo o‘z ustida ishlashga harakat qiladi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilatlar — mas’uliyat va maqsadga qat’iy intilish. U haqiqiy lider qiyinchiliklar oldida to‘xtab qolmasdan, ulardan tajriba olib, o‘z jamoasini oldinga boshlaydi, deb hisoblaydi.
Bo‘sh vaqtida u sport bilan shug‘ullanishni, sevimli hobbilari bilan mashg‘ul bo‘lishni, kitob o‘qishni va xorijiy tillarni o‘rganishni yoqtiradi. Shuningdek, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashga, o‘z ustida ishlashga, foydali loyihalar va tanlovlarda ishtirok etishga vaqt ajratadi.
Rayhonaning kelajakdagi asosiy maqsadi — xorijiy tillarni mukammal o‘rganish, xitoy tilini yuqori darajada egallash va xalqaro sohada o‘z o‘rnini topish. U o‘rgangan bilimlari orqali O‘zbekistonning madaniyati va qadriyatlarini xorijda targ‘ib qilishni, jamiyatga foydali loyihalarda faol ishtirok etishni istaydi. Shuningdek, doimiy ravishda o‘z ustida ishlab, yoshlarni bilim olish va rivojlanishga ilhomlantiradigan inson bo‘lishni eng katta orzularidan biri deb biladi.
U o‘zini qiziquvchan, yangilikka ochiq va imkoniyatlardan foydalanishga intiladigan inson deb biladi. Rayhona boshqalar undan o‘z ustida ishlashni hamda katta maqsadlar sari kichik qadamlar bilan bo‘lsa ham harakat qilishni o‘rganishlari mumkin, deb hisoblaydi. Ingliz tilini o‘rganishni boshlaganidan xitoy tili yo‘nalishidagi ta’limigacha bo‘lgan jarayon unga sabr, intizom va qiyinchiliklardan qo‘rqmaslikni o‘rgatgan. U har kuni kechagidan yaxshiroq bo‘lishga intiladi va uning yo‘li kimdadir “men ham uddalay olaman” degan ishonchni uyg‘otishi mumkin.
