Liderlar Online2 daqiqa
Jag‘ning qarsillashi va og‘rig‘i: Ota-onalar e’tiborsiz qoldiradigan yashirin xavf
Gnatologiya nima? Farzandingiz ovqat chaynaganda jag‘idan ovoz chiqsa, qaysi shifokorga borish kerak?

Jag‘ qarsillashi — shunchaki "odatiy hol"mi yoki yashirin xavf?
Oxirgi paytlarda qayerda eshitmaylik, hamma stress, charchoq haqida gapiradi. Lekin tanamiz berayotgan kichik signallarni ko‘pincha shunchaki "o‘tib ketadi" deb e’tiborsiz qoldiramiz. Ayniqsa, bolalar yoki o‘smirlar ovqat chaynayotganda, esnayotganda jag‘idan «qars» etgan ovoz chiqsa, ko‘pchiligimiz buni oddiy hol, o‘smirlik davridagi o‘zgarish yoki vaqtinchalik odat deb o‘ylab, e’tibor ham bermaymiz.
To‘g‘risi, menda ham bu savol ko‘p tug‘ilgan: nahotki jag‘ning qarsillashi shunchaki zararsiz "fokus" bo‘lsa? Yo‘q, afsuski, unday emas ekan. Keling, bu mavzuni biroz chuqurroq, oddiy tilda muhokama qilamiz.
Nega ko‘pchilik buni e’tiborsiz qoldiradi?
Chunki og‘riq yo‘q-ku! Bolaning boshi og‘risa yoki tishi desangiz, darhol doriga yuguramiz. Lekin og‘iz ochganda qandaydir tovush kelsa, "hech qisi yo‘q, o‘sgan sari tuzalib ketadi", deb o‘ylaymiz. Aslida esa bu bo‘g‘im o‘z ishida xatoga yo‘l qo‘yayotganining birinchi qo‘ng‘irog‘i.
Agar bu holatni o‘z holiga tashlab qo‘ysak, yillar o‘tib bu oddiy qarsillash kattagina muammoga – surunkali og‘riq, suyak yemirilishi,yuzning qiyshayishi yoki og‘izni ochib-yopolmay qolishga aylanishi hech gap emas.
Tibbiyotda bu soha bilan shug‘ullanadigan maxsus mutaxassislar bor — ularni gnatolog deb atashadi. Gnatologiya — bu shunchaki tish davolash emas, balki tishlar, jag‘ suyagi, chaynash mushaklari va bo‘g‘imlarning o‘zaro qanday ishlashini o‘rganadigan fan.
Tasavvur qiling, mashinaning g‘ildiragi egri tursa, oxir-oqibat butun qism yemirilib ketadi-ku. Bizning jag‘imizda ham xuddi shunday:
Tishlarning noto‘g‘ri joylashuvi (tishlamning buzilishi)
Bolaning stress sababli tishlarini qattiq qisib yurishi (bruksizm)
Yengil jarohatlar yoki yiqilishlar
ana shu nozik bo‘g‘imga ortiqcha yuklama beradi va o‘sha mashhur "qars" ovozi kelib chiqadi.
Qanday alomatlarga e’tibor berish kerak?
Agar o‘zingizda yoki farzandingizda quyidagilarni sezsangiz, biroz to‘xtab, o‘ylab ko‘ring:
Og‘iz ochganda yoki yopganda qarsillash yoki g‘ichirlash;
Chaynayotganda yoki tongda uyg‘onganda jag‘ sohasida charchoq va og‘riq;
Og‘izni ochayotganda jag‘ning bir tomonga qiyshayib ketishi;
Sababsiz bosh yoki bo‘yin og‘riqlari.
Nima qilish kerak?
Eng asosiysi — vahima qilmaslik, lekin bee’tibor ham qoldirmaslik. Agar shunday belgilar sezsangiz, oddiy stomatologdan tashqari aynan gnatolog ko‘rigiga borib maslahat olish juda muhim. Hozirgi zamonaviy tibbiyotda buni davolash juda oson va og‘riqsiz — maxsus yengil moslamalar (kappalar) yoki kichik muolajalar yordamida hammasini to‘g‘rilash mumkin. Vaqtida qilingan e’tibor esa kelajakdagi katta muammolarning oldini oladi.
Keling, o‘zimiz va yaqinlarimiz, ayniqsa farzandlarimiz salomatligiga e’tiborli bo‘laylik. Tanamiz berayotgan kichik signallarni o‘z vaqtida eshitsak, keyinchalik katta qiyinchiliklardan qutulgan bo‘lamiz.
Sizda yoki tanishlaringizda shunday holat kuzatilganmi? Buni oddiy hol deb o‘ylaganmidingiz yoki oldinroq e’tibor qaratganmisiz? Fikrlaringizni bo‘lishing!
Muallif
Abdimo'minova Zinnura Quvonch Qizi
Stomatologiya talabasi · 2-kurs talabasi · Kitobxon · Ilmga intiluvchi · Katta orzular sohibasi
Shu muallifning boshqa maqolalari

Bemorlarning stomatologdan qo‘rqishi va dental fobiyani kamaytirish usullari
Abdimo'minova Zinnura Quvonch Qizi · 6 noyabr, 2026

Milk kasalliklari: gingivit va periodontitning zamonaviy diagnostikasi
Gingivit va periodontitni erta aniqlash, zamonaviy tekshiruv usullari va samarali profilaktika choralari.
Abdimo'minova Zinnura Quvonch Qizi · 5 noyabr, 2026

Yoshlarda tishlarni to‘g‘rilash va braketlar
• Braketlar va zamonaviy usullar: Farzandingiz tishlarini qachon to‘g‘rilash kerak?
Abdimo'minova Zinnura Quvonch Qizi · 4 noyabr, 2026
